Prezidentning “O‘zbekiston Respublikasining xalqaro reytinglar va indekslardagi o‘rnini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori e’lon qilindi.

Qarorga muvofiq, ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlari sifatini yaxshilash, aholining davlat organlari faoliyatidan qoniqishi darajasini hamda ularning xodimlari kasbiy mahoratini oshirish maqsadida “Davlat xizmatlarining sirli mijozi” instituti joriy etilmoqda.

Mazkur tizim ma’muriy tartib-qoidalar amalga oshirilishi qulayligi va davlat organlari, shuningdek, ularning xodimlari tomonidan davlat xizmatlarini ko‘rsatishda normativ-huquqiy hujjatlar talablari, xodimlarning professionalligi va tezkorligi, ularning aholi bilan muomala qilish etiketi darajasini baholaydi.

Ma’lumotlarni yig‘ish uchun haqiqiy “mijoz” ko‘rinishida monitoringni amalga oshiruvchi xodimlar va boshqa shaxslar (“sirli mijozlar”) dan foydalaniladi.

“Sirli mijoz” tomonidan monitoring nafaqat bevosita obyektlarga tashrif buyurishlar, balki monitoring amalga oshirilayotgan davlat xizmatlariga qarab boshqa vositalar (telefon qo‘ng‘iroqlari, elektron pochta orqali murojaat qilish va boshqalar) orqali ham amalga oshirilishi mumkin.

“Davlat xizmatlarining sirli mijozi” monitoringi natijalari tegishli davlat xizmatlarini ko‘rsatadigan vazirlik hamda idoralar xodimlarini javobgarlikka tortish uchun asos bo‘lmaydi va tavsiyaviy ko‘rinishga ega bo‘ladi.