Prezident qaroriga muvofiq, 2019 yil 1 aprelgacha Internet tarmog‘ida “O‘zbekiston Respublikasi xalqaro reytinglarda” yagona portali yaratiladi.

Mazkur portalda xalqaro reytinglar bo‘yicha yillik hisobotlar, shuningdek, hisobotlarni o‘rganish va e’lon qilish muddatlarini ko‘rsatgan holda tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha ishlar ahvolini yaxshilashga qaratilgan xalqaro tashkilotlar va ekspertlarning tavsiyalari yoritilib boriladi.

2019 yil 1 aprelgacha O‘zbekistonning milliy manfaatlarini hisobga olib xorijiy davlatlarning ijobiy tajribasiga asoslangan reytinglar metodologiyasi tasdiqlanadi.

O‘zbekistonning xalqaro reytinglardagi o‘rnini, shu jumladan, tadqiqot institutlarining ma’lumotlari va o‘rganish natijalarini hisobga olgan holda yaxshilash bo‘yicha har yili “Yo‘l xaritalari” ishlab chiqiladi.

Shuningdek, O’zbekistonning xalqaro reytinglardagi o‘rnini monitoring qilish va baholash milliy tizimi yaratiladi.

Milliy monitoring tizimini tashkil etishning dastlabki bosqichi sifatida tadqiqot institutlariga xalqaro reytinglar biriktirildi.

Ularga xalqaro reytinglarning metodologik va boshqa tarkibiy qismlarini aniqlash, ularni amaldagi qonunchilikka implementatsiya qilish, O‘zbekistonning xalqaro reytinglardagi past ko‘rsatkichlariga sabab bo‘layotgan asosiy omillarni aniqlash vazifasi yuklandi.