Innovatsion rivojlanish vazirligida Davlat ilmiy-texnika dasturlari doirasida bajarilishi 2019−2021 yillarga mo‘ljallangan amaliy ilmiy-texnik loyihalar, innovatsion ishlanmalar tanlovi g‘oliblari taqdirlanib, tavsiya etilgan loyiha rahbarlariga sertifikatlar topshirildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekiston Respublikasining 2019−2021 yillardagi Innovatsion rivojlantirish strategiyasiga ko‘ra ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlariga sarflanadigan davlat xarajatlarini ko‘paytirishni nazarda tutilgan.
“Bu xarajatlar o‘z navbatida yurtimiz taraqqiyotiga nafi tegadigan, aholi farovonligiga va xalqimiz turmush tarzini yaxshilashga xizmat qiladigan mahsulotlar, texnologiyalar ko‘rinishida davlatga foyda olib kelishi lozim”, deyiladi xabarda.
Ilmiy-tadqiqot natijalarini tijoratlashtirishdan keladigan foyda olimlarning ham moliyaviy ahvoliga ijodiy ta’sir ko‘rsatib, kelgusida ularning ilmiy izlanishlar bilan yanada chuqur shug‘ullanishlariga zamin yaratishi kerak.
Har bir yo‘nalish bo‘yicha tanlovga kelib tushgan loyihalar vazirlik huzuridagi Ilmiy-texnik kengashlar tomonidan ekspertizadan o‘tkazilmoqda.
Ilmiy-texnik kengashlar xulosalari asosida moliyalashtirishga tavsiya etilgan ilmiy-texnik loyihalari 2019 yil 16 fevraldagi vazirlik Hay’atida ko‘rib chiqilib, moliyalashtirish bo‘yicha qaror qabul qilindi.
Unga ko‘ra farmakologiya, metallurgiya, qishloq xo‘jaligi, kimyo, texnika yo‘nalishlaridagi aniq maqsadga yo‘naltirilgan 6 ta loyiha moliyalashtirildi.
Amaliy loyihalar:
№ | Loyiha mavzusi | Ijrochi tashkilot | Loyiha rahbari |
1 | “Biokor-0,2 g tabletkalarining onkologik kasalliklarda kompleks terapiya maqsadida ishlatish uchun yakunlovchi klinik tekshirishlarni o‘tkazish” | O.S. Sodiqov nomidagi Biorganik kimyo instituti | Ibrohimov Fozil Axmedovich, b.f.d. |
2 | Mis ishlab chiqarish chiqindilaridan nikelni ajratib olish texnologiyasini ishlab chiqish va o‘zlashtirish | Islom Karimov nomidagi TDTU Olmaliq filiali | Xoliqulov Doniyor Baxtiyorovich, t.f.n., dots., |
3 | “Olmaliq KMK AJ ishlab chiqarish sharoitlarida rangli va nodir metall rudalarini flotatsiya jarayonida qo‘llash uchun mahalliy va ikkilamchi xom ashyolardan import o‘rnini bosuvchi ko‘piklantiruvchi-flotoreagentlarni olish texnologiyasini ishlab chiqish” | “KOMPOZIT NANOTEXNOLOGIYASI” MCHJ ilmiy-texnologik markazi va “Fan va taraqqiyot” DUK | Negmatova Komila Sayibjonovna, t.f.d. |
Innovatsion loyihalar:
№ | Loyiha mavzusi | Ijrochi tashkilot | Loyiha rahbari |
1 | Nurota tumanining tog‘oldi hududlaridagi samarasiz foydalanilayotgan lalmi yerlarida yong‘oq mevali (pista, bodom) daraxt plantatsiyalarini barpo etish va ularning yuqori hosildorligini ta’minlashning samarali texnologiyalarini ishlab chiqish | O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi huzuridagi O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot instituti | Chernova Galina Mixaylovna, k.s/x.n. |
2 | Import o‘rnini bosuvchi seolit adsorbenti va H2S oksidlash konversiya jarayoni himoya qatlam adsorbentlarini ishlab chiqarish texnologiyasini yaratish | O‘zbekiston kimyo farmatsevtika ilmiy tadqiqot instituti | Yunusov Miraxmad Po‘latovich, t.f.d., professor |
3 | Statsionar va mobil obyektlarga ishlov berish uchun ozon-generatorining tajriba-ishlab chiqarish namunasini yaratish | O‘zRFA Konstruktorlik byurosi va tajribaviy ishlab chiqarish ilmiy-texnik markazi | Simonov Aleksandr Alekseyevich, f-m.f.n., |
Endilikda vazirlik muntazam ravishda moliyalashtiriladigan loyihalarni rasmiy veb-saytida e’lon qilib boradi.