Prezident “Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi hujjatni imzoladi.

Qarorga muvofiq, 2020 yil 1 yanvardan ko‘chmas mulkning yangi egalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar kommunal xizmatlarning axborot tizimlariga avtomatik tarzda yuboriladi. Bunda kommunal xizmatlar mulkning yangi egalaridan ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqni tasdiqlovchi hujjatlarni talab qilishga haqli emas.

Shuningdek, 2020 yil 1 yanvardan quyidagilar kadastr organlariga elektron yuboriladi:

  • banklar tomonidan uy-joyga nisbatan mulk huquqini hamda ipotekani davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda uy-joyni qabul qilib olish dalolatnomasi va boshqa zarur hujjatlar;
  • Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va rieltorlik tashkilotlari tomonidan ko‘chmas mulk ob’ektini “E-IJRO AUKSION"da sotish va rieltorlik xizmatlari ko‘rsatish orqali vujudga kelgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun zarur ma’lumotlar.

Tashkilotlarning ma’lumotlari asosida mulk huquqi va boshqa ashyoviy huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda ariza talab etilmaydi.