Gruziya kompaniyasi TBC Bank Group PLC (TBC Bank) Payme brendi ostida faoliyat yurituvchi “Inspired” MCHJdan 51% ulushni sotib olmoqda. Bu haqda Gruziya kompaniyasida ma’lum qilindi.

Xabarda qayd etilishicha, Payme O’zbekistondagi to’lov xizmatlarini yetkazib beruvchi yetakchi provayder bo’lib, dastur mijozlari soni 1,3 mln. kishini tashkil qiladi.

So’nggi yillarda Payme tez rivojlandi — 2018 yil davomida mijozlar soni taxminan 70%ga oshdi, tushum va sof daromad mos ravishda 41,9% va 24,5%ga oshdi.

2018 yilning oxirida Payme kompaniyasining umumiy aktivlari 0,7 mln. $ni tashkil etdi. Yil yakuniga ko’ra, jami tushum va foyda 1,6 mln. $ni va 0,8 mln. $ni tashkil etdi.

Payme 2011 yilda tashkil etilgan va uchta ta’sischi tomonidan boshqariladi. Jamoa ikki yangi aksiyador tomonidan kuchaytirildi: ulardan biri biznesni rivojlantirish va tadqiqot ishlari direktori, ikkinchisi bosh texnik direktor sifatida faoliyat olib bordi.

  • “TBC Bank” ga aksiyalarining bir qismini sotgan aktsiyadorlar:
  • Sarvar Ro’zmatov, boshqaruvchi mulkdor;
  • Bahrom Xo’jayev, boshqaruvchi mulkdor;
  • Farrux Ziyoyev, boshqaruvchi mulkdor;
  • Abdulaziz Abdulahadov, Biznesni rivojlantirish va tadqiqot ishlari bo’yicha direktor;
  • Oleg Geverges, texnik direktor.

TBC Bank ma’lumotlariga ko’ra, ushbu bitim mintaqaviy operatsiyalarni kengaytirish bo’yicha xalqaro strategiyaga mos va bankning O’zbekistonning istiqbolli bozorida salohiyatini oshirishda muhim bosqichdir.

TBC Bankning O’zbekistondagi strategiyasi chakana, kichik va o’rta biznes mijozlari uchun yangi avlod bank ekotizimini yaratishdan iborat.

Payme’ning 51% ulushi 5,5 mln. $ga sotib olinishi butun kompaniya miqdori 10,8 mln.$ligidan dalolat beradi.

“Ishonchim komilki, biz kompaniyani yangi darajaga ko’tarib, mijozlarga qisqa muddatda yangi ilg’or yechim va xizmatlarni taklif qilamiz”, — dedi Payme kompaniyasining boshqaruvchisi Sarvar Ro’zmatov.

TBC Bank 1992 yilda tashkil etilgan Gruziyaning yetakchi bankidir. 2014 yilda u London fond birjasiga kirdi. IPO doirasida, umumiy qiymati 640 million $ kapitalizatsiya bilan 240 million $ga yaqin mablag' jalb qildi. TBC onlayn-bankingi bir necha yil davomida Markaziy va Sharqiy Yevropada eng yaxshilar qatoridan o’rin oldi. 2018-yilda to’liq raqamli bank Space’ni taqdim etdi.