Prezident 2 may kuni xomashyo resurslarini chuqur qayta ishlash, eksportbop mahsulotlarni ko‘paytirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi, xabar beradi davlat rahbari matbuot xizmati.

Sanoatning 69%i asosan xomashyo yoki birlamchi qayta ishlashga to‘g‘ri keladi. Eksportning 52%ini rangli metallar, energiya resurslari va ho‘l meva tashkil etadi. Bu iqtisodiyotda haligacha tayyor mahsulotga nisbatan xomashyo ustunligini ko‘rsatadi.

Yig‘ilishda yuqori qo‘shilgan qiymat yaratuvchi va tayyor mahsulot eksport qiladigan sanoat korxonalarini ko‘paytirish, mavjud salohiyat va xomashyo resurslaridan samarali foydalanish masalalari muhokama qilindi.

Import qilinayotgan tovarlarni yurtimizda ishlab chiqarish, xomashyoni tayyor mahsulotga aylantirib sotish darajasi yetarli emasligi tanqid qilindi. Xususan, misning atigi 25%i qayta ishlanmoqda, ruxning 80, molibdenning 99, ipakning 88, xom terining 60%i xomashyo tarzida eksport qilinmoqda.

“133 ming tonna o‘simlik yog‘i import qilingan bir paytda „O‘zyog‘moysanoat“ uyushmasi korxonalari 48 foiz quvvatda ishlayotgani, albatta, qoniqarsiz holat. Sut va go‘shtni qayta ishlab, keng turdagi oziq-ovqat mahsulotlari tayyorlash sohasidagi ulkan imkoniyatlar ham to‘liq ishga solinmagan”, deyiladi xabarda.

Shu bois yig‘ilishda Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Davlat geologiya qo‘mitasiga mavjud xomashyo bazasi va import tarkibidan kelib chiqib, 2019−2021 yillarda sanoatlashtiriladigan mahsulotlar ro‘yxatini shakllantirish vazifasi qo‘yildi.

Davlat rahbari kundalik sanoat mahsulotlarini keng ishlab chiqarish va kooperatsiyani rivojlantirish zarurligini ta’kidladi. Yurtimizda ishlab chiqarilayotgan va import qilinayotgan sanoat mahsulotlarini solishtirgan holda ehtiyojni hisob-kitob qilish tizimli olib borilmayotgani qayd etildi.

Kichik sanoat zonalarida kundalik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish loyihalarini ko‘paytirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.