Polaroid kompaniyasi ixcham lahzali kameraning yangi avlodi — Polaroid Go Generation 3 ni taqdim etdi. Bu haqda gagadget nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, Polaroid Go Gen 3 — 2024-yilda chiqarilgan Go 2 modelining takomillashtirilgan versiyasidir.
Kompaniya vakillarining so‘zlariga ko‘ra, yangi mahsulot yanada ixchamlashgan, biroq uning aniq o‘lchamlari va vazni hozircha oshkor etilmagan.
Kamera Polaroid Go maxsus plyonkasidan foydalanadi va 66.6×53.9 mm o‘lchamdagi suratlarni chop etadi.
Bu klassik Polaroid suratlaridan sezilarli darajada kichikroq va I-Type formatidagi suratlardan taxminan to‘rt baravar ixchamroqdir.


Ishlab chiqaruvchi yangi mahsulotni dunyodagi eng kichik analog lahzali kamera deb ataydi va yoshlarning ekransiz hamda murakkab sozlamalarsiz oddiy qurilmalarga qiziqishi ortib borayotganiga ishonadi.
Ta’kidlanishicha, taqdim qilingan yangi model o‘zidan avvalgi avlodning asosiy imkoniyatlarini o‘zida saqlab qolgan.
Foydalanuvchilar undagi selfi oynasi, guruh bo‘lib suratga tushish uchun avtotaymer hamda g‘ayrioddiy effektlar hosil qilish maqsadida ikkita kadrni ustma-ust qo‘yish imkonini beruvchi qo‘shaloq ekspozitsiya rejimlaridan foydalanishi mumkin.
Polaroid Go Gen 3 savdosi allaqachon boshlangan. Kamera $90 dan boshlanuvchi narxda besh xil rangda taqdim etilgan.
16 kadrga mo‘ljallangan Polaroid Go plyonkasi to‘plami taxminan $22 turadi. Taqqoslash uchun, 20 ta suratga mo‘ljallangan shunga o‘xshash Instax Mini to‘plamini taxminan $21 ga xarid qilish mumkin.
Avvalroq Google matn, surat va audiodan video yaratish uchun Gemini Omni Flashni ishga tushirgani haqida xabar berilgandi.

