Ipoteka kreditlari bo’yicha bir qator imtiyozlar bekor qilinadi. Bu haqda prezident farmonida keltirilgan.

Farmonga muvofiq 2020 yil 1 yanvardan boshlab maqsadli dasturlarni amalga oshirish doirasida taqdim etilgan qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha amaldagi imtiyozlar bekor qilinadi.

Shuningdek, bir qator imtiyozlar bekor qilinishi va o’zgartirish kiritilishi rejalashtirilmoqda:

  • bosh pudrat tashkilotlari, pudrat tashkilotlari va subpudrat tashkilotlariga, qurilish materiallari, asbob-uskunalar, qurilish texnikasi va avtotransporti ishlab chiqaruvchi tashkilotlarga, shuningdek, ularni tashishda qatnashadigan tashkilotlar, ishlar (xizmat) ko‘rsatish korxonalari, shu jumladan, O‘zbekiston norezidentlari, transport korxonalari, “Qishloq qurilish invest” IK" MCHJ, “O‘zshahar qurilish invest” IK, “Qishloqqurilish loyiha” MCHJ, “O‘zsanoateksport” AJ hamda “Toshkent qishloq qurilish servis” MCHJga berilgan soliq imtiyozlari (QQSdan tashqari);
  • jismoniy shaxslarning mol-mulk solig‘i bo‘yicha imtiyozlar;
  • yakka tartibdagi uy-joy yoki ko‘p qavatli uydagi xonadonning qiymati 300 million so‘mdan oshmagan taqdirda, olingan ipoteka kreditlarini va ular bo‘yicha hisoblangan foizlarni qoplash uchun yo‘naltiriladigan va soliq solinadigan jismoniy shaxslar va ular oila a’zolarining jami 15 million so‘mgacha bo‘lgan ish haqi va boshqa daromadlari summasi soliq davri davomida jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘iga tortilmasligini ko‘zda tutuvchi tartibni o‘rnatish;
  • bekor qilinayotgan soliq imtiyozlari o‘rniga uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj shaxslar va qonun bilan belgilanadigan fuqarolarning boshqa toifalariga ipoteka krediti bo‘yicha boshlang‘ich badal va (yoki) foizlarni to‘lash uchun subsidiyalar berish.

2019 yil 1 yanvarga qadar qurilishga ruxsat etilgan uy-joy fondi obyektlarini (2017−2021 yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish dasturiga, 2017−2020 yillarda shaharlarda arzon ko‘p kvartirali uylarni qurish va rekonstruksiya qilish dasturiga kiritilgan obyektlar bundan mustasno) birlamchi uy-joy bozorida realizatsiya qilish oboroti 2020 yilning 1 yanvariga qadar QQSdan ozod qilindi.