O‘zbekistonda dollar kursi pasaydi. Bu haqda Markaziy bank ma’lumotlaridan ma’lum bo‘ldi.
29-apreldan amal qiladigan Amerika valyutasining rasmiy kursi 12 029,20 so‘m etib belgilandi. Savdo kuni davomida kurs 43 so‘m 76 tiyinga pasaydi.
Valyutalar kursining o‘zgarish dinamikasi hamda banklardagi valyuta kurslari bilan batafsil bu yerda tanishish mumkin.
2026-yilning birinchi choragida o‘zbek so‘mi dollarga nisbatan biroz qadrsizlandi. Mart oyida milliy valyuta 74,14 so‘mga yoki 0,61% ga arzonlashib, kurs 12 210,71 so‘mni tashkil etdi. Oyning birinchi yarmida so‘m mustahkamlangan bo‘lsa, ikkinchi yarmida deyarli har bir savdo sessiyasida dollar qimmatlashdi. Mart oxirida tijorat banklarida dollar kursi 12,2 ming so‘mdan yuqori darajada saqlanib qoldi.
Markaziy bankka ko‘ra, bu davrda so‘m kursi ichki talab va taklif hamda tashqi iqtisodiy omillar ta’sirida shakllandi. Import uchun valyutaga ehtiyoj oshgani sabab kompaniyalar talabi kuchayib, bu kursga bosim o‘tkazdi. Kurs tebranishi ham oshdi: kunlik o‘zgarish o‘rtacha 0,2% (29 so‘m) bo‘ldi. O‘tgan yilning mos davrida bu ko‘rsatkich 0,1% (12 so‘m) edi.
Yanvar-mart oylarida O‘zbekistonga xorijdan $3,79 mlrd pul o‘tkazmalari kirib keldi — bu o‘tgan yilga nisbatan $433 mlnga ko‘p. Yanvarda $1,23 mlrd, fevralda undan biroz kamroq mablag‘ kelib tushgan. Mart oyida o‘tkazmalar $1,34 mlrdgacha oshib, o‘sish tiklandi.
Bu davrda valyuta bozori faollashib, talab $14,6 mlrdga, taklif esa $12,2 mlrdga yetdi. Yuridik shaxslar talabi tezroq o‘sdi, eksport tushumlarining $2,2 mlrdi ichki bozorda sotildi. Aholi banklarga $6 mlrd valyuta sotib, $3,2 mlrd xarid qildi. Natijada bozorda ijobiy saldo $2,9 mlrdni tashkil etdi.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda valyuta operatsiyalari qoidalari yangilangani haqida yozgan edi. Endi fuqaroligidan qat‘i nazar, jismoniy shaxslar bank hisobvaraqlari orqali bir-biriga pul o‘tkaza oladi.