Avvalroq Farg‘ona viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazgani haqida xabar berilgandi.
Unda davlat rahbari keyingi yillarda viloyat iqtisodiyotida ro‘y bergan o‘zgarishlarga to‘xtalib o‘tdi. Ilgari viloyat daromadining 70%i neft-kimyo va qurilish materiallari sohasidagi 6−7 ta yirik korxona hisobidan shakllanardi.
O‘tgan davrda viloyatda $8,2 mlrd investitsiya evaziga 8 mingta zamonaviy quvvatlar ishga tushdi, tadbirkorlik uchun 100 trln so‘m resurs berildi. Tijorat maydoni 10 mln kvadratga ko‘paydi, 13,5 ming kichik va o‘rta korxona tashkil etilib, ularning soni qariyb 2 karra o‘sdi.
Natijada yalpi hududiy mahsulot 1,7 barobarga, sanoat 1,5 barobarga, xizmatlar 3 barobarga oshdi. Oxirgi to‘rt yilda ishsizlik 9,2% dan 4,6% ga, kambag‘allik darajasi 11,6% dan 5,2% ga tushdi.
Mahalliy budjet bo‘yicha hokimlarga juda katta imkoniyat yaratilgani uchun bu yil birinchi chorakda har bir tumanda kamida 5−10 mlrd so‘m qo‘shimcha mablag‘ qoldi.
Avval Marg‘ilonda bir xonadonda o‘rtacha 2−3 oila yashardi. Bir yilda Ipakchi va Qirguli mahallalarining o‘zida 241 ta eski hovlilar o‘rnida 2,5 ming xonadonli ko‘p qavatli uylar barpo etildi.
Marg‘ilonning Navro‘z mahallasida barpo etilayotgan Yangi O‘zbekiston massiviga bu yil yana 6,5 ming oila ko‘chib kiradi. Bunday ishlar Yozyovon, Quva tumanlari, Qo‘qon va Farg‘ona shaharlarida ham ketmoqda.
So‘nggi o‘n yilda Farg‘onada 74 ming o‘rinli maktab, 145 ming o‘rinli bog‘cha hamda 3 ming koykali shifoxonalar ishga tushirildi. 167 ta xususiy maktab paydo bo‘ldi, ularda 40 mingdan ortiq o‘quvchi ta‘lim olyapti.
Yoshlarning oliygohga kirish ko‘rsatkichi bo‘yicha viloyat respublikada 3-o‘ringa ko‘tarildi. Beshariq tumanida o‘n yil oldin atigi 2 ta xususiy klinika bo‘lgan bo‘lsa, hozir 50 taga yetdi.
Viloyatda 15 ming gektar sanoatlashgan bog‘ va tokzor yaratildi, yana 6 ming gektari yangilandi. Bugun ishning ko‘zini bilgan bog‘bonlar gektaridan 500 mln so‘mgacha daromad olyapti.
Meva-sabzavot eksporti 3 karra ko‘payib, $400 mlnga yetdi. Farg‘ona, So‘x, Quva tumanlari, Marg‘ilon va Qo‘qon shahrida turizm jadal o‘smoqda. To‘qqiz yilda 3 ming o‘rinli mehmonxona va mehmon uylari ishga tushdi.
O‘tgan yili xorijiy turistlar ilk bor 500 mingdan, mahalliy sayyohlar esa 3 mlndan oshdi. Turizm eksporti $185 mlnga yetdi.
“Farg‘ona ahli bizdan yana-da katta natija kutyapti”, — dedi prezident.
Joriy yil Farg‘ona viloyati rahbariyati oldida iqtisodiyotni 9,1% ga, sanoatni 9% ga o‘stirish, $4,5 mlrd xorijiy investitsiya olib kelish, eksportni 2 karra ko‘paytirib, $2 mlrdga yetkazish vazifalari turgani ko‘rsatib o‘tildi.
Spot, avvalroq, Farg‘onadagi IT-parkda sunʼiy intellekt xabi tashkil etilishi haqida yozgandi.