Birlashgan Arab Amirliklari OPEK va OPEK+ Neft eksport qiluvchi mamlakatlar tashkilotidan chiqishini e’lon qildi, deya xabar berdi Reuters.

BAA 1-may kuni ushbu tashkilotlardan chiqadi, deyiladi mamlakat energetika vazirligi bayonotida.

Bu “suveren” qaror “mamlakatning uzoq muddatli iqtisodiy strategiyasiga mos keladi,” dedi BAA energetika vaziri Suhayl al-Mazruiy.

Uning ta’kidlashicha, BAA OPEK va OPEK+dan chiqqandan so‘ng milliy manfaatlar va investorlar oldidagi majburiyatlarga e’tibor qaratadi va bu mamlakatga o‘zgaruvchan talabni qondirishga yordam beradi.

Kelajakda dunyoga ko‘proq yoqilg‘i kerak bo‘ladi va BAA bu ehtiyojni asta-sekin ishlab chiqarishni ko‘paytirish orqali qondira oladi, dedi vazir.

Bloomberg nashrining qayd etishicha, BAA Eron bilan urush fonida OPEK va OPEK+ tarkibidan chiqishga qaror qilgan.

Vashingtonning eng muhim ittifoqchilaridan biri bo‘lgan ushbu mamlakat boshqa arab davlatlari BAAni Eronning ko‘p sonli hujumlaridan himoya qilish uchun yetarlicha harakat qilmagan, deb hisoblaydi, deya ta’kidlaydi Reuters.

“Fors ko‘rfazi arab davlatlari hamkorlik kengashi mamlakatlari bir-birini moddiy-texnik jihatdan qo‘llab-quvvatladi, biroq siyosiy va harbiy jihatdan, nazarimda, ularning pozitsiyasi tarixdagi eng zaif bo‘ldi”, — dedi BAA prezidentining diplomatik maslahatchisi Anvar Gargash agentlikka bergan izohida.

Bloomberg‘ning eslatishicha, BAAning so‘nggi yillarda neft qazib olishni ko‘paytirishga intilishi OPEK yig‘ilishlarida Saudiya Arabistoni bilan mojarolarga olib kelgan. Agentlik ta’kidlashicha, neft masalalari bo‘yicha kelishmovchiliklar Abu-Dabini OPEKdan chiqish yoqasiga keltirib qo‘ygan.

BAAning OPEK va OPEK+dan chiqishi iyun oyida alyansga a’zo mamlakatlarning navbatdagi yig‘ilishida muhokama qilinadi, deb xabar berdi TASSga xabardor manba.

Freedom Finance Global tahlilchisi Vladimir Chernov BAA qarorini strategik ustuvorliklar va kartel kvotalarisiz neft qazib olishni moslashuvchan boshqarish istagi bilan izohladi.

Uning fikricha, bu OPEK+ birligiga va Saudiya Arabistoni pozitsiyasiga kuchli zarba beradi. Bu o‘sib borayotgan quvvatlarga ega davlatlar, jumladan, Iroq va Qozog‘iston uchun o‘z majburiyatlarini yumshatish haqida o‘ylashi mumkin bo‘lgan namuna bo‘ladi.

Chernovning eslatishicha, mart oyida BAAning OPEK neft qazib olishdagi ulushi 11,4% ni, OPEK+da esa 9,2% ni tashkil etgan. Kvotalar bo‘lmaganda, BAA bir-ikki yil ichida qazib olishni kuniga 0,5 — 1 mln barrelga oshirishi mumkin edi, ammo bu hajmlarni “sotadigan hech kim bo‘lmaydi,” deya ta’kidladi u.

Agar Hormuz bo‘g‘ozi orqali logistika normallashsa va BAA haqiqatan ham ishlab chiqarishni oshira boshlasa, bu narxlarga bosim o‘tkazadi va Brent bir barrel uchun $80−100 oralig‘ida bo‘lishi mumkin, dedi ekspert.

Aprel oyi boshida WSJ BAA AQSHga Eron hukumati tomonidan to‘sib qo‘yilgan Hurmuz bo‘g‘ozini kuch bilan ochishga yordam berishga tayyorlanayotganini yozgan edi.

Keyinchalik The New York Times gazetasi Rossiya, Xitoy va Fransiya BMT Xavfsizlik Kengashining Hormuz bo‘g‘ozini blokirovkadan chiqarish uchun kuch ishlatish ssenariysini nazarda tutuvchi rezolyutsiyasini amalda blokirovka qilgani haqida xabar berdi.


Avvalroq Spot O‘zbekistonda 2026-yil boshidan neft va gaz qazib olish keskin kamaygani haqida yozgandi.