1 iyundan O‘zbekistonda bir nechta yangiliklar joriy etiladi. Ular qatorida prezident va ixtisoslashtirilgan maktablarga qabul jarayoni boshlanishi, narxlarning oshirilishi, eksport jarayoni haqidagi yangiliklar mavjud.

Prezident maktablariga qabul jarayoni boshlanadi

1−22 iyun kunlari Toshkent, Namangan, Nukus va Xivadagi Prezident maktablarida hujjatlarni qabul jarayoni bo‘lib o‘tadi. Maktabning yillik qabul kvotasi 24 nafar o‘quvchidan iborat bo‘lib, ikkita sinfga bir xil — 12 nafardan o‘quvchi taqsimlanadi va birinchi o‘quv yilida prezident maktablarining har biriga 5−10-sinflarga 144 nafardan o‘quvchi o‘qishga qabul qilinadi.

Ixtisoslashtirilgan maktablar hamda maktab-internatlarga qabul jarayoni boshlanadi

Ixtisoslashtirilgan san’at va madaniyat maktablari hamda maktab-internatlarga kirish uchun hujjatlar har yili 1−30 iyun kunlari qabul qilinadi. Mazkur ta’lim muassasalarida o‘qish o‘zbek, qoraqalpoq va rus tilida olib boriladi. Sinflardagi o‘quvchilar soni 25−30 nafarni tashkil qilib, mutaxassislik fanlardan amaliy mashg‘ulotlari kichik guruhlarga bo‘lingan holda hamda yakka (individual) tartibda tashkil etiladi.

Elektr energiyasi va gaz narxi oshiriladi

Elektr energiyasi — maishiy iste’molchilar uchun 1 kVt-s elektr energiyasi narxi 280 so‘mni, ovqat tayyorlash uchun markazlashgan elektr plitalari bilan jihozlangan ko‘p qavatli uylar va yotoqxonalarda 1 kVt-s elektr energiyasi narxi esa 140 so‘mni tashkil etadi. Gaz — tabiiy gazning yangi tariflari aholiga kommunal-maishiy ehtiyojlar uchun gaz hisoblagichi mavjud bo‘lganda 350 so‘mni, hisoblagich mavjud bo‘lmaganda ovqat tayyorlash va issiq suv uchun 605 so‘mni, isitish uchun esa 350 so‘mni tashkil etadi.

Eksport jarayoni yengillashtiriladi

Tirik holdagi tovuq, quyon va baliq hamda ularni so‘yib ishlangan mahsulotlar eksporti uchun prezident yoki Vazirlar Mahkamasi ruxsati talab qilinmaydi.

Zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilar qo‘llab-quvvatlanadi

Qimmatbaho metallarni sotib olish uchun berilgan bank kreditlari bo‘yicha foiz xarajatlari Tadbirkorlik faoliyatni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan kompensatsiya qilish orqali zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilar qo‘llab-quvvatlanadi — davlat byudjeti mablag‘laridan 2019−2020 yillarda 40 milliard so‘mgacha miqdorda mablag‘ ajratiladi.

Davlat xizmatlari

Davlat xizmatlaridan foydalanish uchun jismoniy va yuridik shaxslar istalgan joydagi Davlat xizmatlari markazlaridan (propiska va pochta manzilidan qa’tiy nazar) murojaat qilishga haqli.