Prezident “Eksport faoliyatini moliyalashtirish va sug‘urta himoyasi mexanizmlarini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi hujjatni imzoladi.

Qarorga binoan eksport qiluvchilarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tartibi o‘rnatildi. Unga muvofiq, Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi eksport qiluvchilarga:

  • tijorat banklarining eksportoldi kreditlari, shu jumladan, aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun berilgan kreditlari bo‘yicha foiz xarajatlarini qoplashga, milliy valyutadagi kreditlar bo‘yicha — Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasidan oshgan qismida, biroq 10%lik punktdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda, xorijiy valyutadagi kreditlar bo‘yicha — tijorat banklari tomonidan belgilangan stavkaning 40%i, biroq 4%lik punktdan oshmagan miqdorda kompensatsiya taqdim etadi;
  • tijorat banklarining kreditlari, shu jumladan, eksportoldi kreditlari bo‘yicha kredit summasining 50 foizigacha, biroq 4 mlrd сўмdan oshmagan miqdorda kafillik beradi.

2019−2020 yillar davomida mazkur maqsadlar uchun Davlat byudjetidan 50 mlrd сўмgacha miqdorda mablag‘ ajratiladi.

Shuningdek, qaror bilan Mahalliy eksport qiluvchi korxonalarga mahsulotlarni eksport qilishda temir yo‘l transportida tashish xarajatlarini 50%gacha miqdorda kompensatsiya qilishga subsidiyalar taqdim etish mexanizmi joriy etiladi.

2019 yil 1 iyundan boshlab tirik holdagi tovuq, quyon va baliq hamda ularni so‘yib ishlangan mahsulotlar eksporti uchun prezident yoki Vazirlar Mahkamasi ruxsati talab qilinmaydi.

Tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni realizatsiya qilishdan tushgan umumiy tushumda tayyor mahsulot eksporti ulushi 50%dan yuqori bo‘lgan yuridik shaxslarga ularning arizalariga ko‘ra eksportga mo‘ljallangan mahsulot ishlab chiqarishda foydalaniladigan xomashyo, butlovchi buyumlar va materiallar importida qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lashni bojxona deklaratsiyasi qabul qilingan kundan boshlab 120 kunga kechiktirish imkoniyati berildi.