Tovar xomashyo birjasi Transport vazirligi bilan birgalikda test rejimida www.mytransport.uz — yangi logistika portalini ishga tushirdi. Bu haqda birja ma’lumotlarida keltirilgan.
Portal Transport vazirligi tomonidan avtotransportda yuklarni tashish huquqini beruvchi litsenziyaga ega bo‘lgan tashuvchilarning yagona axborot resursi bo‘lib, unda buyurtmachilar va yo‘l transporti tashkilotlari o‘rtasida tuzilgan shartnomalar qayd etiladi, hamda transport logistika xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha elektron interaktiv savdolarni o‘tkazish uchun ma’lumotlar elektron shaklda jamlanadi.
Vebsaytdan foydalanish uchun buyurtmachi portalning shaxsiy kabinetida o‘z akkauntini ochadi hamda o‘zining buyurtmasini elektron shaklda rasmiylashtirish uchun yuk va uni tashish shartlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni kiritadi. O‘z navbatida, elektron tizim buyurtmani qabul qilib oladi va shartnoma tuzish uchun litsenziyalangan tashuvchilarga o‘z taklifini yuboradi.
Portalda buyurtma bajaruvchisi, ya’ni yuk tashuvchilarni izlash jarayonida, buyurtmachi onlayn tarzda mijozlar bilan interaktiv muzokaralarni olib borishi hamda yuk tashuvchilardan tijorat takliflarini olishlari mumkin.
Yukni yetkazib berish taklifi kiritilishi bilan hamda yuk tashish bo‘yicha transport kompaniyasi tanlanganligidan so‘ng elektron tizimda yuk tashuvchilar tomonidan tasdiqlangan lot shakllanadi.
Transport xizmatlari foydalanuvchilari uchun qulayliklar yaratish maqsadida yaqin kunlarda portalda GPS qidiruvi qo‘shimcha funksiyasini joriy etilishi rejalashtirilmoqda.