2021-yilning 4-yanvaridan boshlab biometrik pasportlarni shaxsni tasdiqlovchi ID kartalarga almashtirish xizmati yo’lga qo’yildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning PF- 6065- sonli Farmoni ga asosan:

  • birinchi bosqichda 2021-yil 1-yanvardan 2022-yil 31-dekabrgacha ixtiyoriylik asosida 16 yoshga to‘lganda hamda qonunchilikda ko‘zda tutilgan boshqa sabablarga ko‘ra;
  • ikkinchi bosqichda 2023-yil 1-yanvardan 2030-yil 31-dekabrgacha majburiy tartibda amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining 2011-yilgi namunadagi biometrik pasporti 2031-yil 1-yanvardan boshlab haqiqiy emas deb hisoblanadi.

ID kartani ro’yxatdan o’tkazish 1 ish kuni mobaynida amalga oshiriladi. ID-kartani rasmiylashtirish uchun “Davlat boji to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasining Qonunida belgilangan miqdorda davlat boji undiriladi. Bu 22.09.2020-yil holatiga ko’ra 198 470 so’mni tashkil etadi.

ID-karta ma’lumotlarni yig‘ish punkti tomonidan O‘zbekiston Respublikasida doimiy ro‘yxatga olingan chet davlat fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga quyidagi muddatlarga beriladi:

  • yangi tug‘ilgan bolaga bir yoshgacha — ikki yil muddatga (ota-onalar, vasiylarning (homiylarning) ixtiyoriga ko‘ra);
  • bir yoshdan 16 yoshgacha — 5 yil muddatga (ota-onalar, vasiylarning (homiylarning) ixtiyoriga ko‘ra).
  • 16 yoshdan 60 yoshgacha — 5 yil muddatga;
  • 60 yoshdan oshganlarga — 10 yil muddatga.

Pasportlarni ID kartaga o’zgartirish to’g’risida dastlab 2020- yilning mart oyida xabar berilgan edi.