2021-yil 3−10 iyun kunlari O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi vakillari AQSHga xizmat safarini uyushtirishdi. Xizmat safari davomida birja vakillari AQSHning Nyu-York, Vashington va Chikago shaharlariga tashrif buyurishdi.

O‘zbekistonning AQSHdagi elchixonasi ko‘magida AQSH Savdo vazirligining Tijorat huquqini rivojlantirish dasturi (CLDP) maslahatchisi Maykl Kofild (Michael Cofield) va Tovar fyuchers savdolari bo‘yicha komissiyasi (CFTC) direktorining o‘rinbosari Kevin Pikkoli (Kevin Piccoli) bilan uch tomonlama uchrashuv o‘tkazildi.

Muzokaralar natijalariga ko‘ra AQSH tarafidan fyuchers savdolarini o‘tkazishga doir normativ-huquqiy aktlarni tarjimasi ta’minlangan holda taqdim etish, fyuchers bozorlarini nazorat qilish bo‘yicha maslahatlar berish, soha ekspertlarini jalb qilish, shuningdek fyuchers savdolarini O‘zbekiston bozorida amaliyotda tatbiq qilishga har tomonlama ko‘maklashishga kelishib olindi.

Ikkinchi uchrashuv AQSH ning “Connomara systems LLC” softver kompaniyasining (Chikago) asoschisi va rahbari Djeyms Dauns (James Downs) va uning jamoasi bilan o‘tkazildi.

Unda tomonlar bir qator kelishuvlarga erishdi, shu jumladan birja va xorijiy kompaniya o‘rtasida o‘zaro anglashuv to‘g‘risida memorandum imzolandi. Mazkur Memorandumga muvofiq, tomonlar O‘zbekiston birjasi uchun fyuchers savdolari bo‘yicha dasturiy ta’minotni ishlab chiqish va zamonaviy IT texnologiyalarini joriy qilish yo‘nalishida hamkorlik qiladi.

Xususan, “Connomara systems LLC” kompaniyasi O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasiga litsenziya asosida fyuchers savdolari bo‘yicha tayyor dasturiy mahsulotlarni taqdim etish yoki belgilangan talablaridan kelib chiqqan holda birja uchun alohida dasturlarni yozish va amaliyotda joriy etishga tayyor ekanligini bildirdi.

Ma’lumot uchun: “Connomara systems LLC” kompaniyasi 1998 yildan buyon birjalar, banklar va moliya bozorlariga dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqish, testdan o‘tkazish va texnik qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha injiring xizmatlarini ko‘rsatadi.