“UzAuto Motors” AJ va “Совкомбанк” akkreditivlar to’g’risida shartnoma imzoladi. Umumiy miqdori 100 million dollarni tashkil etadi. Muddat 3 yilni tashkil etadi.
Bank bilan shartnoma 29−30 sentabr kunlari Toshkent shahrida bo’lib o’tayotgan “O'zbekiston: Iqtisodiy islohotlar sarhisobi va istiqboli” forumi doirasida imzolandi.
Shartnomani imzolash marosimida “UzAuto Motors” AJ bosh direktori Bo Inge Andersson va boshqaruv raisi o’rinbosari, “Sovcombank” korporativ investitsiyalar bloki rahbari Mixail Autuxov ishtirok etdilar.
“Ayni paytda “Uzavtosanoat” AJ tomonidan amalga oshirayotgan transformatsiya jarayonlarida “UzAuto Motors” AJ faol ishtirok etmoqda.
“Sovcombank” ushbu jarayon doirasida o’zaro manfaatli hamkorlik chegaralarini kengaytiradi va o’zini strategik muhim sherik sifatida namoyon qiladi. “Sovcombank” bilan savdo-sotiqni moliyalashtirish to’g’risidagi bitimning imzolanishi nafaqat uzoq muddatli hamkorligimizning yangi sahifasi, balki uzoq muddatli biznesni rivojlantirish strategiyamizga yana bir qadamdir!" — deya ta’kidladi “UzAuto Motors” bosh direktori.
“Совкомбанк” OAJ — universal bank bo’lib, mamlakatning 10 ta eng yirik banklari ro’yxatiga kiritilgan (aktivlari: UFRS bo’yicha 1,9 trillion rubl). Bankda jami 24.5 ming xodim faoliyat yuritib, 2 942 nafari Rossiya Federatsiyasining 77 ta subyektidagi 1037 ta aholi punktlarida joylashgan ofisda ishlaydi.
Ma’lumot uchun: joriy yilning aprel oyida O’zbekistonda o’tkazilgan yirik sanoat haftaligi doirasida “Совкомбанк” bir nechta sohalarda yirik shartnomalar imzolagan edi. Xususan:
- “O‘zavtosanoat” AJ bilan bank xizmatlarining to‘liq spektrini taqdim etish, shu jumladan, kredit berish, vaqtincha bo‘sh mablag‘larni joylashtirish, hujjatli vositalarni taqdim etish va qimmatli qog‘ozlarni joylashtirishni tashkil etish sohasida kompaniyalar o‘rtasida uzoq muddatli hamkorlikni ta’minlash bo’yicha;
- Xalq bank uchun 4 yil muddat bilan 418,9 mlrd so’m miqdorida kredit ajratish bo’yicha kelishuvga erishilgan edi.