Vazirlar Mahkamasining qaroriga koʻra, elektrotexnika tarmogʻi tashkilotlariga moliyalashtirish manbalaridan qatʼi nazar, tijorat banklaridan kafolatlar olishda quyidagilar uchun garov taʼminoti sifatida kafolat summasining 50%i gacha, biroq $3 mln dan oshmagan miqdorda kafilliklar beriladi:

  • tenderlar doirasida avans toʻlovlarini amalga oshirish (qaytarish);
  • xorijiy valyutadagi shartnoma shartlarini bajarish;
  • yetkazib berilgan tovarlar (ishlar, xizmatlar) boʻyicha kafolat muddatlarini taʼminlash.

Moliya vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi elektrotexnika tarmogʻi korxonalarini qoʻllab-quvvatlash uchun 2022-yildan boshlab har yil uchun Davlat byudjeti hisobidan $10 mln miqdoridagi mablagʻ ajratilishi yuzasidan takliflar beradi.

Respublika byudjetining qoʻshimcha manbalari hisobidan 2021 yilning I, II va III choraklarida teng ulushlarda 75 mlrd soʻm miqdorida mablagʻlar ajratiladi, keyingi yillarda esa byudjet parametrlarida ushbu maqsadlar uchun mablagʻlar nazarda tutiladi.

Jamgʻarma mablagʻlari elektrotexnika sanoati tarmogʻi tashkilotlarining xalqaro koʻrgazmalar va yarmarkalarda ishtirok etishi bilan bogʻliq xarajatlarining 50%i ni, biroq bitta holat boʻyicha ekvivalenti $10 mingdan koʻp boʻlmagan miqdorda qoplashga yoʻnaltiriladi.

Mahsulotlar ishlab chiqarish va ularni tashqi bozorlarga sotish bilan bogʻliq xarajatlar mahsulot turlaridan kelib chiqib, eksport qiluvchi tarmoq tashkilotlari (eksport qiymatining 6%i gacha) qoplanadigan yuqori qoʻshilgan qiymatli mis mahsulotlari roʻyxati tasdiqlandi.