Avvalroq prezident cho‘llanishga qarshi kurashish va cho‘l iqtisodiyotini rivojlantirish, shuningdek, shaharlarda “yashil shahar” tamoyillarini joriy etish yuzasidan takliflar taqdimoti bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.
Samarqand shahrini Markaziy Osiyoda ekologik barqaror, iqlimga moslashgan va zamonaviy “yashil shahar” namunasiga aylantirish nazarda tutilmoqda.
Shunga muvofiq, taqdimotda shaharlar ekologik barqarorligini taʼminlash bo‘yicha Green Samarkand modeli ko‘rib chiqildi.
Mazkur model doirasida 2030-yilgacha Samarqand shahrida qator ekologik ko‘rsatkichlarga erishish rejalashtirilgan. Xususan, atmosferaga chiqarilishi mumkin bo‘lgan 51,2 ming tonna zararli tashlamalarning oldi olinib, sanoat va energetika obyektlarida chang-gaz tozalash uskunalarini o‘rnatish orqali PM2.5 va PM10 zarrachalari miqdori 50% ga kamaytiriladi.
Shuningdek, qurilish obyektlaridan chiqadigan chang miqdorini 80% ga, transport vositalaridan chiqadigan ifloslantiruvchi moddalar hajmini 50% ga qisqartirish, chiqindi poligonlari hajmini ikki baravar kamaytirish hamda aholi yashash punktlarida yashil hududlar ulushini o‘rtacha 30% ga yetkazish ko‘zda tutilgan.
Loyihani amalga oshirish uchun viloyat hokimligi va Ekologiya qo‘mitasi ishtirokida Yashil Samarqand loyiha ofisi tashkil etiladi. Ushbu ofis shaharsozlik, ekologiya, transport, qurilish, turizm, sanoat va kommunal xizmatlar sohalarida belgilangan tadbirlarni yagona tizimda muvofiqlashtiradi.
Samarqandda maxsus ekologik-shaharsozlik rejimi joriy etilib, yangi quriladigan va rekonstruksiya qilinadigan obyektlar uchun “yashil qurilish” talablari majburiy etib belgilanadi.
Bunda energiya va suv tejamkor texnologiyalardan foydalanish, chiqindilarni saralash va qayta ishlash tizimlarini joriy etish, resurs samaradorligini oshirish hamda ekologik talablarga javob bermaydigan obyektlarni foydalanishga qabul qilmaslik amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
Transport sohasida Samarqand shahrini ekologik toza harakatlanish modeliga o‘tkazish nazarda tutilgan. Buning uchun 50 ta zamonaviy katta sig‘imli elektrobus xarid qilish, chorrahalarda 150 ta yangi svetofor o‘rnatish, 2030-yilga qadar jamoat transporti va taksi xizmatini to‘liq elektr transportiga o‘tkazish choralari ko‘riladi.
Shu bilan birga, Park & Ride tizimi joriy etilib, piyodalar harakati ustuvor bo‘lgan yashil turistik hududlar tashkil qilinadi, shahar markaziga shaxsiy avtotransport kirishi bosqichma-bosqich kamaytiriladi.
Suv va “yashil” infratuzilmani rivojlantirish maqsadida Samarqand shahrida kamida 4 ta, viloyat tumanlari markazlarida esa kamida bittadan sunʼiy ko‘l va suv havzalari tashkil etiladi.
Samarqand shahrida qo‘shimcha 10 ta yangi favvora qurilib, mavjud favvoralar infratuzilmasi modernizatsiya qilinadi. Shuningdek, umumiy uzunligi 319 kilometr bo‘lgan ariqlar tizimi quriladi va tiklanadi.
Shahar atrofida himoyaviy “yashil” infratuzilmani shakllantirish maqsadida Yangi katta halqa yo‘li bo‘ylab uzunligi 102,7 kilometr, umumiy maydoni 3532 gektar bo‘lgan “yashil belbog‘” barpo etiladi.
Ushbu belbog‘ chang va issiq havo oqimlarini kamaytirish, atmosfera havosi sifatini yaxshilash, shahar atrofida tabiiy himoya zonasini yaratish hamda iqlimga moslashuv choralarini kuchaytirishga qaratilgan.
Shaharsozlik yo‘nalishida 300 gektar maydonda Green City Samarkand hududini tashkil etish ko‘zda tutilgan. Ushbu hududda turar joy, ofis, xizmat ko‘rsatish, turizm va jamoat infratuzilmasi obyektlari xalqaro “yashil shahar” standartlari asosida barpo etiladi.
Sanoat obyektlarining ekologik taʼsirini kamaytirish uchun “yashil sanoat zonasi” hududida eng maqbul texnologiyalar, Zero Visible Emission va raqamli ekologik monitoring tizimlari bosqichma-bosqich joriy etiladi.
Mavjud sanoat zonalari atrofida “yashil belbog‘"lar tashkil etiladi hamda aholi sog‘lig‘iga jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan I va II toifaga mansub 8 ta sanoat korxonasini shahar hududidan tashqariga ko‘chirish choralari ko‘riladi.
Chiqindilarni boshqarish sohasida Zero Waste Samarkand tamoyili asosida chiqindilarni saralash, qayta ishlash va poligonlarga yuboriladigan hajmini kamaytirish tizimi joriy etiladi. Noqonuniy chiqindi tashlash holatlarini raqamli xaritalash va foto-videofiksatsiya qilish bo‘yicha axborot tizimi ishga tushiriladi.
Iqlim siyosati yo‘nalishida Samarqand uchun 2030- va 2035-yillarga mo‘ljallangan uglerod chiqindilarini qisqartirish maqsadli ko‘rsatkichlari hamda Carbon Neutral Samarkand “yo‘l xaritasi” ishlab chiqiladi.
Shuningdek, yashil va iqlim loyihalarini moliyalashtirish uchun Green Samarkand Climate Finance Facility platformasi, natijalarni ochiq eʼlon qilish va monitoringini yuritish uchun Green Samarkand Dashboard raqamli platformasi ishga tushiriladi.
Turizm va bioxilma-xillik yo‘nalishida Yashil Samarqand brendi, Green Hotels Samarkand reyting tizimi, Samarkand City Biodiversity Index metodologiyasi, Urban Biodiversity Samarkand pilot loyihasi va Bioxilma-xillikni asraymiz ko‘ngillilar dasturi amalga oshiriladi.
Shu orqali Samarqand shahri ekologik turizm, yashil investitsiyalar va barqaror shaharsozlik yechimlari markaziga aylantiriladi.
Umuman, loyiha doirasida Samarqandni Markaziy Osiyoning yashil investitsiyalar va innovatsiyalar poytaxti sifatida shakllantirish uchun tashkiliy, moliyaviy va amaliy asoslar yaratiladi.
Prezident takliflarni maʼqullab, cho‘llanishga qarshi kurashish, yer va suv resurslaridan oqilona foydalanish, shaharsozlikda ekologik talablarni kuchaytirish va aholi uchun sog‘lom muhit yaratish masalalari yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.
Spot, avvalroq, Samarqanddagi Kimyogarlar qo‘rg‘oni renovatsiya qilinishi haqida yozgandi.