Shavkat Mirziyoyev cho‘llanishga qarshi kurashish va cho‘l iqtisodiyotini rivojlantirish, shuningdek, shaharlarda “yashil shahar” tamoyillarini joriy etish yuzasidan takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Mamlakat hududining qariyb 80%i cho‘l va yarim cho‘l maydonlaridan iborat. Yerlarning sho‘rlanishi, qum ko‘chishi, chang bo‘ronlari va garmsellar, ayniqsa, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Navoiy, Xorazm viloyatlari, shuningdek, Qashqadaryo, Surxondaryo va Jizzax viloyatlarining ayrim tumanlarida jiddiy xavf tug‘dirmoqda.
Orol dengizining qurishi mazkur jarayonni yana-da kuchaytirgan. Qurigan tubda Orolqum cho‘li shakllanib, havoga ko‘tarilayotgan tuz va chang keng hududlarga tarqalmoqda.
Shu bois, Orolbo‘yida yashil qoplamalar barpo etish, saksovul va boshqa cho‘l o‘simliklarini ekish ishlari davom ettirilmoqda. Keyingi yillarda Orol dengizining qurigan tubida 2 mln gektardan ortiq yangi o‘rmonzorlar tashkil etildi.
Yashil makon loyihasi doirasida mamlakat bo‘ylab 1 mlrddan ziyod daraxt va buta ko‘chatlari ekildi, ko‘kalamzorlashtirish darajasi 2020-yildagi 8% dan 2025-yilda 14,3% ga yetdi. Orolbo‘yi, chegaradosh va qurg‘oqchil hududlarda yashil qoplamalar hamda himoya o‘rmonzorlarini yaratish ishlari izchil davom ettirilmoqda.
Taqdimotda 2026−2030-yillarda cho‘llanishga qarshi kurashish ishlarini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
Jumladan, 1,27 mln gektarda o‘rmon barpo etish va qayta tiklash, cho‘l, tog‘ va tog‘oldi hududlarda 16 ming gektar himoya o‘rmonzorlari yaratish rejalashtirilgan.
Surxondaryo viloyatida 10 ming gektar maydonda yashil qoplamalar tashkil etish, Sirdaryo viloyatining chegaradosh hududlarida 84 kilometrlik “yashil devor” barpo qilish, tog‘ va tog‘oldi hududlarida “terrasa” usulida daraxt va butalar ekish, degradatsiyaga uchragan yerlarda zamonaviy agrotexnologiyalarni sinovdan o‘tkazish taklif qilindi.
Davlat rahbari cho‘l hududlariga faqat ekologik muammo sifatida emas, balki yangi iqtisodiy imkoniyatlar manbai sifatida qarash zarurligini taʼkidladi.
Shu maqsadda “cho‘l iqtisodiyoti” yondashuvini rivojlantirish, qo‘riq va sho‘rlangan yerlarda barqaror daromad manbalarini yaratish, cho‘l o‘simliklari urug‘chiligi va ko‘chatchiligini yo‘lga qo‘yish, galofit o‘simliklar yetishtirish, yaylovlar mahsuldorligini oshirish, chorvachilik, ekologik turizm va ilmiy tadqiqotlarni kengaytirish muhimligi ko‘rsatib o‘tildi.
Bu borada Qoraqalpog‘istonda cho‘l o‘simliklari ko‘chatxonalarini tashkil etish, Orolning qurigan tubida ilmiy ekspeditsiyalar o‘tkazish, Bobotog‘ hududida zamonaviy usullar asosida pista plantatsiyalarini rivojlantirish, galofit bog‘lar tarmog‘ini kengaytirish taklif etildi.
Qurg‘oqchilikka chidamli o‘simliklar va urug‘lar bo‘yicha mintaqaviy bank yaratish, xalqaro fondlar va xususiy investitsiyalarni jalb etish masalalari muhokama qilindi.



Taqdimotda Markaziy Osiyo davlatlari bilan ekologik hamkorlikni kuchaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Cho‘llanish va yer degradatsiyasi chegara bilmaydigan muammo ekani, shu bois, unga qarshi kurashishda yagona mintaqaviy yondashuv, ilmiy hamkorlik, maʼlumot almashish va texnologiyalar transferi muhimligi taʼkidlandi.
Shu munosabat bilan cho‘llanishga qarshi kurashish va cho‘l iqtisodiyotini rivojlantirish bo‘yicha Markaziy Osiyo mintaqaviy ilmiy-tadqiqot markazi faoliyatini kengaytirish, Yashil qalqon mintaqaviy dasturi doirasida amaliy loyihalarni ko‘paytirish, 2040-yilgacha cho‘llanishga qarshi kurashish strategiyasini ishlab chiqish tashabbuslari ilgari surildi.
Spot, avvalroq, Toshkent viloyatida issiqxonalarni demontaj qilish ishlari boshlangani haqida yozgandi.


