2026-yilning birinchi choragi yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston joriy operatsiyalar hisobi taqchilligi keskin o‘sib, $5,8 mlrd ni tashkil etdi. Bu haqda Markaziy bankning mamlakat to‘lov balansi, xalqaro investitsion mavqei va tashqi qarziga bag‘ishlangan sharhida keltirilgan.
Jahon iqtisodiyotida saqlanib qolayotgan geosiyosiy keskinlik va yuqori noaniqlikka qaramasdan, O‘zbekistonning tashqi sektorida avvalgi davrlarda qayd etilgan ijobiy tendensiyalar saqlandi. Bu oltinni hisobga olmaganda tovarlar va xizmatlar eksportining o‘sishida, xalqaro pul o‘tkazmalari hajmining ortishida, shuningdek, xalqaro zaxiralarning yana-da ko‘payishida namoyon bo‘ldi va mamlakatning sof xalqaro investitsion mavqeini mustahkamlashga xizmat qildi.
Yanvar-mart oylarida joriy operatsiyalar hisobi taqchilligi $5,79 mlrd ni tashkil etdi, o‘tgan yilning shu davrida bu ko‘rsatkich $304 mln ga teng edi. Bunga asosan salbiy savdo balansining $2,7 mlrd dan $8,3 mlrd gacha keskin kengayishi sabab bo‘ldi.
Birinchi chorakda eksportning umumiy hajmi $5,6 mlrdgacha kamaydi. Jumladan, tovarlar eksporti $6,2 mlrddan $3,4 mlrdgacha pasaydi, bu birinchi navbatda oltin sotishning to‘xtatilishi bilan bog‘liq. Shu bilan birga, qimmatbaho metallni hisobga olmaganda, boshqa tovarlar eksporti 29% ga, xizmatlar eksporti esa 18% ga o‘sib, $2,17 mlrd ni tashkil etdi.
Yuqori investitsion faollik va barqaror ichki talab fonida importning umumiy hajmi 29% ga oshib, $13,9 mlrd ga yetdi. Tovarlar importi 33% ga o‘sib, $10,2 mlrdni, xizmatlar importi esa 19% ga o‘sib, $3,7 mlrdni tashkil etdi. Bunga asosan mashina va uskunalar, transport vositalari, kimyo va mineral mahsulotlar, shuningdek, oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berilishi hissa qo‘shdi.
Savdo balansi taqchilligi va birlamchi daromadlar bo‘yicha $43 mlnlik salbiy saldoga qaramay, nomutanosiblikning bir qismi ikkilamchi daromadlar bo‘yicha $2,5 mlrdni tashkil etgan sof tushumlar hisobidan qoplandi. Bunda ikkilamchi daromadlar bo‘yicha umumiy tushumlar hajmi $2,9 mlrdga yetdi.
Joriy operatsiyalar hisobi taqchilligi asosan to‘g‘ridan-to‘g‘ri va boshqa investitsiyalar bo‘yicha operatsiyalar hisobidan moliyalashtirildi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarning sof oqimi $702 mlnni, portfel investitsiyalarini sof jalb qilish $4,1 mlnni tashkil etdi. “Boshqa investitsiyalar” moddasi bo‘yicha esa valyuta va depozitlar, savdo kreditlari, shuningdek, davlat sektori, banklar va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarining tashqi qarzlariga oid operatsiyalar hisobiga qariyb $1,1 mlrdlik sof oqim qayd etildi.
Birinchi chorak yakunlariga ko‘ra, moliyaviy hisobvaraqning salbiy saldosi $4,9 mlrdni tashkil etdi. Ayni paytda xalqaro zaxiralarning valyuta qismi $3,1 mlrdga kamaydi, biroq oltinning jahon narxlari o‘sishi xalqaro zaxiralarning umumiy hajmini qariyb $2,7 mlrdga oshirib, 2026-yil 1-aprel holatiga ko‘ra $69 mlrdga yetkazish imkonini berdi.
Chorak davomida O‘zbekistonning sof xalqaro investitsion mavqei 10% ga mustahkamlanib, $21,6 mlrdga yetdi. Rezidentlarning tashqi aktivlari hajmi $2,6 mlrdga ko‘payib, $131,08 mlrdni, tashqi majburiyatlari esa atigi $534 mlnga o‘sib, $109,49 mlrdni tashkil etdi.
1-aprel holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning jami tashqi qarzi yil boshidagi darajada saqlanib, $82,2 mlrdni tashkil qildi. Uning tarkibida davlat tashqi qarzi $40,5 mlrdni, korporativ qarz esa $41,7 mlrdni tashkil etdi.
Markaziy bank korporativ tashqi qarzlar xususiy sektor tomonidan davlat kafolatlarisiz jalb qilinishi hamda kompaniyalar va banklarning o‘z mablag‘lari hisobidan so‘ndirilishini ta‘kidladi. Shu bilan birga, Xalqaro valyuta jamg‘armasi baholariga ko‘ra, O‘zbekistonning tashqi qarz yuki mo‘tadil darajada qolmoqda, chunki qarz mablag‘larining katta qismi imtiyozli shartlar asosida jalb qilingan.
Spot, avvalroq, dollar kursining 2025-yil dekabridan beri ilk bor 11 910 so‘mdan pastga tushgani haqida yozgandi.

