Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Gruziyaga borgani va bosh vazir Irakliy Kobaxidze bilan uchrashgani haqida xabar berilgandi.
O‘zbekiston prezidentining Gruziyaga davlat tashrifi davomida umumiy qiymati $1 mlrddan ortiq bo‘lgan 70 ta yangi investitsiya loyihasi va savdo shartnomasini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov O‘zbekiston24 telekanaliga bergan intervyusida ma‘lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston O‘rta yo‘lak infratuzilmasi va Gruziya portlaridan faol foydalanish niyatida. Xususan, Poti maxsus sanoat zonasida savdo-logistika va ishlab chiqarish xabini tashkil etish ishlari boshlab yuborilgan.
U yerda potensial xaridorlar uchun O‘zbekiston mahsulotlari ko‘rgazma zali (shourum), shuningdek, o‘zbekistonlik tadbirkorlarning Yevropa Ittifoqi va boshqa mamlakatlar talablariga muvofiq ishlab chiqarishning yakuniy bosqichlarini Gruziya hududida amalga oshirishi uchun ishlab chiqarish maydonchasi paydo bo‘ladi.
“Bu yerda tadbirkorlarimiz to‘qimachilik, oziq-ovqat, maishiy texnika va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarishning yakuniy bosqichlarini amalga oshiradi. So‘ngra ular Gruziya orqali, Poti zonasi orqali uchinchi davlatlarga eksport qilinadi”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Turizm va turar joy infratuzilmasi hamkorlikning alohida yo‘nalishiga aylanadi.
“Bizda O‘zbekistonda mehmonxona va turar joy majmualari qurilishini ko‘zda tutuvchi qariyb $400 mlnlik loyihalar portfeli shakllantirilgan”, — dedi Qudratov.
ISSV rahbari, shuningdek, Gruziya biznesi O‘zbekistonni mintaqadagi ustuvor yo‘nalish va eng jozibador bozor deb ochiq aytayotganini ta‘kidladi. “Prezident O‘zbekiston tadbirkorlari uchun Gruziya bozorida o‘zaro manfaatli sheriklikning yangi imkoniyatlarini ochib berdi”, — deya xulosa qildi vazir.
3−4-iyul kunlari Transport vaziri Ilhom Mahkamov hamda Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratovdan iborat O‘zbekiston delegatsiyasi Gruziyaning transport infratuzilmasi — Anakliya, Poti va Batumi portlari, shuningdek, Poti erkin industrial zonasiga tashrif buyurgandi.
Spot, avvalroq, O‘zbekiston yengil avtomobillar, gaz, benzin va rangli metallar importini keskin oshirgani haqida yozgandi.