6-iyul kuni Shavkat Mirziyoyev neft-gaz tarmog‘ida navbatdagi kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlarining borishi yuzasidan axborot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
2026−2027-yillar kuz-qish mavsumida aholi, ijtimoiy soha obyektlari va iqtisodiyot tarmoqlarini energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan kompleks chora-tadbirlar ko‘rib chiqildi. Tabiiy va suyultirilgan gaz yetkazib berish, magistral va hududiy gaz tarmoqlarini ta’mirlash, yoqilg‘i zaxiralarini shakllantirish hamda avariya-tiklash brigadalarining shayligini ta’minlash bo‘yicha aniq vazifalar qo‘yildi.
Mavsumgacha magistral gaz quvurlarining 53,7 kilometr nuqsonli qismini almashtirish, kompressor stansiyalaridagi 77 ta gaz haydash agregatini mukammal ta’mirlash rejalashtirilgan.
Shuningdek, 881 ta mahalladagi 220 ming xonadonning gaz ta’minotini yaxshilash va texnologik yo‘qotishlarni qisqartirish uchun uch bosqichli taqsimlash tizimidan ikki bosqichli tizimga o‘tkazish ko‘zda tutilgan. 711,9 km gaz tarmog‘i va 400 ta gaz taqsimlash punkti ta’mirlanib, rekonstruksiya qilinadi.
Kuz-qish mavsumida aholiga 325,7 ming tonna suyultirilgan gaz yetkazib berish, shu jumladan, borish qiyin bo‘lgan 229 ta qishloqdagi 104,7 ming iste’molchini 8,2 ming tonna suyultirilgan gaz bilan ta’minlash belgilangan.
Qish uchun yoqilg‘i zaxiralarini shakllantirish bo‘yicha ham choralar ko‘rilmoqda. Jumladan, dekabr-yanvar oylari uchun 120 ming tonna avtobenzin zaxirasini yaratish rejalashtirilgan. Issiqlik elektr stansiyalariga mavsum davomida 4,161 mln tonna ko‘mir yetkazib berish prognoz qilinmoqda.


O‘zbekneftgaz tizimidagi korxonalarda texnologik barqarorlikni ta’minlash maqsadida 90 ta texnologik qurilmada ta’mirlash ishlari amalga oshiriladi. Bu ishlab chiqarish quvvatlarining uzluksiz ishlashi, aholi va iqtisodiyot tarmoqlariga energiya resurslarini barqaror yetkazib berishga xizmat qiladi.
Tayyorgarlik ishlari faqat neft-gaz tizimi bilan cheklanmay, umumiy energetika va kommunal sohalar bilan uzviy bog‘liq holda olib borish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Shu maqsadda respublika va hududiy komissiyalar faoliyatini yo‘lga qo‘yib, mavsumga tayyorgarlik ishlarini muvofiqlashtirish va doimiy nazorat qilib borish topshirildi.
Mutasaddilarga belgilangan chora-tadbirlar ijrosini qat’iy nazorat qilish, mavsumga tayyorgarlik ishlarini muddatida va sifatli yakunlash, aholi hamda ijtimoiy soha obyektlariga tabiiy va suyultirilgan gaz, shuningdek, boshqa yoqilg‘i resurslarini barqaror yetkazib berish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.
Avvalroq Spot gaz ta’minotidagi tekshiruvlarda 1,44 trln so‘mlik noqonuniy iste’mol fosh etilgani haqida yozgan edi.

