Yaponiyalik professor, xalqaro kuzatuvchi Tetsuji Tanaka Termiz shahrida bo‘lib, Surxondaryo viloyati hokimi o‘rinbosari, viloyat turizm va sport bosh boshqarmasi boshlig‘i Jo‘rabek To‘rayev bilan uchrashdi.

Bu haqda Uza.uz agentligi xabar berdi.

Uchrashuvda viloyatning turistik salohiyati, Termiz shahrida barpo etiladigan zamonaviy “Yapon bog‘i”, yaponiyalik mashhur arxeolog Kyudzo Kato memorial muzeyi qurilishi va olimning xotira haykalini o‘rnatish bilan bog‘liq masalalar atroflicha muhokama etildi.

Xabarda aytilishicha, bu bog‘ni Termiz shahri markazidagi “Baxt bog‘i” hududidan qurish rejalashtirilgan.

Buning uchun shahar hokimligi 5,5 gektar yer ajratgan. “Yapon bog‘i"da Kyudzo Kato memorial muzeyini qurish va olimning xotira haykalini o‘rnatish barobarida 100 o‘rinli muhtasham mehmonxona ham barpo etiladi.

Bog‘ atrofi yashil maydonga aylantirilib, rang-barang gulzorlar tashkil qilinadi. Yo‘laklar quriladi.