Davlat aktivlarini boshqarish agentligi “Farg‘onaazot” AJ ustav kapitalidagi 99,02 foiz ulushni xususiylashtirish jarayonlariga xalqaro nufuzga ega konsultant va auditorlik kompaniyalarini tanlov asosida jalb qilganligini ma’lum qiladi.

Xususiylashtirish uchun Xalqaro moliya korporatsiyasi bilan birgalikda takliflar ishlab chiqilib, mutasaddi vazirlik va idoralar tomonidan tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi” hamda Davlat tender komissiyasining tegishli qaroriga muvofiq, “katta to‘rtlik"ka kiruvchi xalqaro kompaniyalar orasidan eng maqbuli jumladan, narx (tijorat) taklifi, mazkur soxadagi tajribasi, malaka va salohiyati, shuningdek savdolarni tashkil etish yondashuvlari bo‘yicha taqdim etgan quyidagi kompaniyalar tanlab olindi.

Xususiylashtirish jarayonlarini amalga oshirish va kompleks tahlil o‘tkazish uchun yetakchi konsultant etib — “Deloitte” xalqaro konsalting kompaniyasi ulushni baholash ishlari uchun — “KPMG” xalqaro baholovchi kompaniyasi belgilandi.

O‘z navbatida, xalqaro konsultantlarning tavsiyalaridan kelib chiqib, ushbu davlat ulushi bo‘yicha manfaatdor va salohiyatli investorlarning savdolarda ishtirok etishi uchun qo‘yiladigan talablar va boshqa savdo shartlari bo‘yicha batafsil ma’lumotlar qo‘shimcha ravishda e’lon qilinadi.