Vazirlar Mahkamasining qaroriga muvofiq, endi haydovchilik guvohnomasini olish uchun topshiriladigan nazariy va amaliy imtihonlar tadbirkorlik subyektlari tomonidan inson omili cheklangan holda, avtomatlashtirilgan avtodrom va imtihon olish xonalarida oʻtkaziladi.

Xabarga koʻra, mazkur avtomatlashgan tizim haydovchilikka nomzodlarning oʻquv muassasasiga kelib ketishi, darslarda va mashgʻulotlarda qatnashishi, ichki imtihonlardan oʻtgan yoki oʻtmaganligining toʻliq nazoratini olib borib, yakuniy imtihonlarga ruxsat beradi.

Natijada imtihonlardan oʻtish uchun birgina imkoniyat qoladi — bu yaxshi oʻqish, yoʻl harakati qoidalarini puxta oʻzlashtirish va avtomototransport vositasini boshqarishni mukammal oʻrganish.

YHXBB, shuningdek, fuqarolarni korrupsion yoʻllar orqali haydovchilik guvohnomasini olish haqida oʻylash endilikda ilojsiz va notoʻgʻri qaror ekanligi boʻyicha ham ogohlantirmoqda.

Maʼlumot oʻrnida, haydovchilarni tayyorlash oʻquv kursini tamomlagan fuqarolar oʻz hujjatlarini hududiy roʻyxatdan oʻtkazish va imtihon olish boʻlinmalariga yuborish uchun Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida joriy etilgan “Haydovchilik guvohnomasini olish uchun imtihonga ariza topshirish” xizmatidan foydalanishlari mumkin.