Jahon banki 2022 va 2023-yillarda milliy iqtisodiyotning oʻsishi mos ravishda 5,6 va 5,8% ni tashkil etishini bashorat qilmoqda. Bu bankning yangi hisobotida aks etgan.

Unga koʻra, jahon iqtisodiyoti yangi COVID-19 shtammlari tarqalishi tahdidlari, shuningdek, inflyatsiya, qarz va daromadlar tengsizligining kuchayishi fonida aniq sekinlashuv davriga kirmoqda, bu esa rivojlanayotgan mamlakatlarning tiklanishiga xavf solishi mumkin.

Dunyo turli mamlakatlari boʻylab toʻxtatilgan isteʼmol talabi qondirilayotgani va moliyaviy qoʻllab-quvvatlash dasturlari bosqichma-bosqich toʻxtatilayotgani sababli, global iqtisodiy oʻsish 2021-yildagi 5,5% dan 2022-yilda 4,1% gacha va 2023-yilda 3,2% gacha sekinlashishi kutilmoqda.

Hisob-kitoblarga koʻra, 2021-yil Yevropa va Markaziy Osiyoda ishlab chiqarish hajmi 5,8% ga oʻsgan, bu joriy yilning katta qismida ichki talab kutilganidan tezroq tiklanishidan darak beradi. Yevro hududida iqtisodiy faollikning kuchayishi va xomashyo narxlarining oshishi eksport va pul oʻtkazmalarini qoʻllab-quvvatlab, mintaqaning tiklanishiga yanada turtki berdi.

Maʼlumotlar kuchliroq surʼatni koʻrsatgan hamda Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlarining taxminan 90%ida 2021-yilga moʻljallangan iqtisodiy oʻsish darajasining yuqoriga qarab qayta koʻrib chiqilishiga yordam berdi.

Biroq yaqinda chop etilgan maʼlumotlar pandemiya hozirgi toʻlqinining taʼsiri salbiy boʻlishini, shu jumladan mamlakatlar ichida harakatlanish cheklovlari kuchaytirilishi va xalqaro sayohatlar taqiqlanishi mumkinligini koʻrsatadi.

Yangi eksport buyurtmalari soni kamaydi, bu esa tashqi talab va taʼminotning zaiflashganini koʻrsatadi. COVID-19 holatlari koʻpayishi, inflyatsiya oʻsishi va siyosiy noaniqlik kuchayishi sababli isteʼmolchilarning ishonchi pasaymoqda. Mintaqadagi koʻplab mamlakatlarning markaziy banklari pul-kredit siyosatini ragʻbatlantiruvchi choralarni tezda toʻxtatmoqda.

Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlarida iqtisodiy oʻsish 2022-yilda 3% ga sekinlashishi prognoz qilinmoqda, bu 2021-yildagi koʻrsatkichning deyarli yarmi, sababi makroiqtisodiy siyosatning keskinlashishi va COVID-19ʼning takroriy avj olishi, shu jumladan uning omikron shtammi talabga salbiy taʼsir koʻrsatadi.

Fiskal qoʻllab-quvvatlash choralarini yanada qisqartirish fonida 2023-yilda mintaqada iqtisodiy oʻsish sekinlashishi va 2,9% ni tashkil etishi prognoz qilinmoqda. Global miqyosda va yevrohududda iqtisodiy oʻsish sekinlashishi va xomashyo narxining pasayishi sababli tashqi talabni ragʻbatlantirish 2023-yilda susayishi kutilmoqda. Aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot 2023-yilda pandemiyadan oldingi tendensiyadan taxminan 1,5% ga past boʻlishi prognoz qilinmoqda.