Prezident Shavkat Mirziyoyev xalqimiz, mutasaddilar va barcha OAV-blogerlarga hamkorlik, fidoyilik uchun minnatdorlik bildirdi.

“…Biz bugungi kunda global dunyoda yashamoqdamiz. Global olamda hamma narsa bir-biriga bogʻliq. Har bir odamning hayoti butun insoniyat hayoti bilan yanada koʻproq bogʻliq boʻlib qolmoqda”.

Prezidentning ta’kidlashicha, olis-yaqin hududlarda yuz berayotgan turli ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlar, texnogen ofatlar bizga ham oʻz taʼsirini oʻtkazmasdan qolmaydi.

“Mana kuni kecha elektr taʼminoti boʻyicha sodir boʻlgan texnik uzilish bir zumda butun mintaqa hayotida kuchli aks-sado berganiga barchamiz guvoh boʻldik. Bu avariyadan oʻsha zahotiyoq xabar topib, darhol Hukumat komissiyasini tuzishga topshiriq berdim. Komissiya tarmoq va hudud rahbarlari bilan doimiy muloqotda boʻlib, avariya hamda uning iqtisodiyot va aholi hayotiga salbiy taʼsirini bartaraf etish boʻyicha ishlarni shaxsan nazoratimga oldim”, dedi davlat rahbari.

Shuningdek, bunday holatda xalqimiz ham vaziyatni toʻgʻri qabul qilib, sarosimaga tushmaganligini qo’shimcha qildi.

“Fursatdan foydalanib, avvalo sabr-toqatli xalqimizga, shuningdek, ushbu vaziyatni bartaraf etishda jonbozlik koʻrsatgan barcha soha va idoralar xodimlariga, shuningdek, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoq vakillariga oʻz minnatdorchiligimni bildiraman” — Prezident.

Bundan tashqari, bu hodisadan toʻgʻri xulosa qilib, biz Oʻzbekiston taraqqiyotini davrimizning global muammolari bilan yanada bogʻliq holda koʻrishimiz kerakligi, bu boradagi mavjud tahdid va muammolarni bartaraf etishga doimo tayyor turishimiz kerakligi aytildi.