Uzbekistan Airways aviakompaniyasini IPOga chiqarish bo‘yicha tayyorgarlik ishlari kelasi oyda boshlanadi. Bu haqda 16-iyun kuni poytaxtda o‘tkazilgan TXIF doirasidagi panel sessiyasida Templeton Global Investments Markaziy Osiyo bo‘yicha bosh direktori Marius Dan ma’lum qildi.

U O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasi (UzNIF) IPOsi atigi bir yil ichida amalga oshirilgan mamlakat tarixidagi ilk xalqaro aksiyadorlik bitimi bo‘lganini ta’kidladi. IPO uchun O‘zbekistonda 17 ta qonunchilik hujjatiga o‘zgartirish kiritilgan.

“Sifatli aktivlarni bir joyga jamlab, ular uchun aniq investitsion hikoya va har bir aktiv bo‘yicha kuchli transformatsiya strategiyasini yaratish dunyo bo‘ylab institutsional investorlarning katta qiziqishini uyg‘otadi. Bir yil avval suhbatlashgan odamlarimning deyarli hech biri bunday qisqa muddatda IPOni amalga oshira olishimizga ishonmagan edi. Bu deyarli mo‘jizaga teng natija bo‘ldi, biroq biz bunga erishdik”, — dedi Marius Dan.

Shuningdek, u investorlar uchun jozibadorlikni ta’minlaydigan asosiy omillardan biri, qulay makroiqtisodiy muhit hisoblanishini qayd etdi. O‘zbekiston joriy yilning birinchi choragida YIMning 8,7% ga o‘sishi bilan eng yuqori iqtisodiy o‘sishni qayd etdi. Keyingi davrda ham yuqori o‘sish saqlanib qoladi.

UzNIF vakili Uzbekistan Airways tarkibida 13 ta kompaniya mavjud bo‘lgan jamg‘armadagi eng yirik aktivlardan biri ekanligini aytdi. U buni investorlar uchun mavjud bo‘lgan qo‘shimcha o‘sish omillari bilan tushuntirdi.

Ulardan birinchisi — ichki va tashqi talabning kuchli o‘sishi. Aholining real daromadlari ortib bormoqda, o‘zbekistonliklarning sayohat qilishga bo‘lgan qiziqishi ham sezilarli ravishda oshmoqda. Buni so‘nggi yillarda yo‘lovchilar soni va aviatashuvlar hajmining ko‘payishida yaqqol ko‘rish mumkin.

“Bu tendensiya kelgusi yillarda ham davom etadi. Shu bois Uzbekistan Airways dunyodagi eng yuqori o‘sish salohiyatiga ega aviakompaniyalardan biri hisoblanadi”, — dedi Marius Dan.

Ikkinchi muhim omil — yangi Toshkent xalqaro aeroporti loyihasi. Hozirda mavjud aeroport flotni kengaytirish va yo‘lovchilar oqimini oshirish uchun muayyan to‘siqlar yaratmoqda. Yangi aeroport esa ushbu cheklovlarni bartaraf etishga xizmat qiladi.

Templeton Global Investments Markaziy Osiyo bo‘yicha bosh direktori makroiqtisodiy o‘sish omillaridan tashqari, Uzbekistan Airways aviakompaniyasi uchun aniq transformatsiya strategiyasi ham mavjudligini ta’kidladi. Jamg‘arma 125 ta tashabbus ustida ishlamoqda hamda ular kuzatuv kengashi va menejment jamoasi bilan yaqin hamkorlikda amalga oshiriladi.

Ushbu tashabbuslar aviakompaniya qiymatini sezilarli darajada oshirish, daromadlilik va rentabellik ko‘rsatkichlarini yaxshilashga qaratilgan. Xususan, qo‘shimcha daromad manbalari, flotni kengaytirish, sodiqlik dasturlarini rivojlantirish hamda xarajatlar bazasini optimallashtirish masalalari ko‘rib chiqilmoqda.

Marius Dan Uzbekistan Airways’ning bo‘lajak IPOsi istiqbollari jamg‘armani “juda ruhlantirishi"ni bildirdi. Unga ko‘ra, iyul oyining boshida kompaniya uchun aksiyadorlik maslahatchilarini tanlash jarayoni boshlanadi. Bu kabi ishlar UzNIF portfelidagi boshqa kompaniyalar bo‘yicha ham olib boriladi.

“Uzbekistan Airways portfelimizdagi eng muhim kompaniyalardan biri bo‘lib, u xalqaro institutsional investorlar uchun O‘zbekiston iste’mol bozori o‘sishidan manfaatdor bo‘lish imkoniyatini taqdim etadi”, — deya xulosa qildi u.

15-iyun kuni Shavkat Mirziyoyev Uzbekistan Airways’ni transformatsiya qilish va IPOga tayyorlash ishlarini tezlashtirish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Aviakompaniya qiymatini qariyb 50% ga — $2,3 mlrdgacha oshirish, xalqaro IPO doirasida 20% gacha aksiyalarni sotish rejalashtirilmoqda.

Avvalroq Spot UzAirways Rossiyaga, jumladan Moskva va Sankt-Peterburgga reyslarni qisqartirishi haqida yozgan edi.