Spot tadbirkorlar va top-menejerlar ish faoliyatlari davomida nimalardan foydalanishlari haqida so‘zlab beruvchi “Ryukzakda nima bor?” nomli loyihasini davom ettiradi.

Bu safargi materialda B.A Holding korxonasi bosh direktori, China House qurilish kompaniyasi asoschisi Gulbahor Tojimirzayeva bilan suhbatlashdik.

U ish faoliyati davomida asosan nimalardan foydalanishi haqidagi savollarga javob berdi.

Intervyuning to‘liq versiyasi video-shaklda taqdim etilgan:


Ish stolimda ko‘plab ish qurollarim bor, lekin eng asosiylarini tanlab ko‘rsataman. Stolimda doim telefon uchun taglik turadi. Undan videokonferensiyalar va Zoom uchrashuvlarida foydalanaman. Ayniqsa, xitoylik hamkorlar bilan gaplashganda, to‘g‘ridan-to‘g‘ri suhbatlashishimda yordam beradi.

Bundan tashqari, albatta, mening yonimda doim noutbukim bo‘ladi. Bu Windows brendi, unda ishlash menga juda qulay. Uning yengilligi sabab safarlarda ham, chet elga chiqqanimda ham doim foydalanaman.

Nega aynan shu noutbuk? Chunki u men uchun yaxshi xotiralar bilan bog‘liq. Chet elda ishlagan paytim, homiladorligimda yengil noutbuk izlab, shu modelni tanlaganman. U juda qulay, yengil va biznes bilan shug‘ullanuvchi ayollar uchun mos. Ekranini qo‘l bilan boshqarish mumkinligi uchun sichqoncha ham kerak emas.

b a holding, gulbahor tojimirzayeva, ryukzagda nima bor

Ish stolimda doim tashrif qog‘ozim turadi. Mehmonlar bilan uchrashuvlarda uni beraman, undagi QR-kod orqali kontaktlarimni osongina saqlab olish mumkin.

Shuningdek, men uchun qadrli bo‘lgan B.A Holding logotipi tushirilgan nishon va O‘zbekiston metallurgiya uyushmasi nishoni ham doim yonimda bo‘ladi. Ulardan turli tadbirlarda foydalanamiz. Albatta, ruchka va qalam ham ish stolimning ajralmas qismi.

Yonimda doim termos bo‘ladi. Unda issiq yoki qaynoq suv olib yuraman. Bu odatni Xitoyda o‘qib va yashab yurgan paytimda orttirganman. Hozirgacha undan foydalanaman, chunki u ayniqsa safarlarda juda qulay va doim asqatadi.

Bu sumka men uchun juda qadrli. Ko‘pchilik meni turli forum va tadbirlarda aynan shu sumka bilan ko‘radi. Uni yaqin dugonam bilan chet el safarida birga tanlaganmiz, shu bois u men uchun alohida ahamiyatga ega. Har xil sumkalarim bo‘lsa-da, eng ko‘p shu sumkani yonimda olib yuraman.

Hamyonimda ID karta, viza va bank kartalari, haydovchilik guvohnomasi, fitnes kartasi hamda boshqa zarur mayda buyumlar saqlanadi. Undan tashqari, hamyonimda doim o‘zimning bir dona suratim ham bo‘ladi.

Bundan tashqari, sumkamda yana bitta tashrif qog‘ozim bor. Bu boshqachasi, bu ham B.A Holdingniki va doim yonimda. Ko‘pchilikka bu yoqadi, ko‘p chet ellik investorlar qiziqishadi, shuning uchun uni ham olib yuraman.

Bundan tashqari, quloqchinim bor. Bu naushnikni ko‘p yillardan buyon o‘zim bilan olib yuraman. Juda ham qulay, simsiz. Har xil safarga chiqqanda, samolyotda bundan foydalanaman.

Barcha ayollar kabi men ham, kosmetikalarni yaxshi ko‘rganim uchun doim yonimda qo‘l kremi va lab bo‘yog‘i olib yuraman. Qo‘l kremidan muntazam foydalanaman, uni menga eronlik do‘stim yuboradi. Shuningdek, kerakli ma’lumotlar uchun sumkamda doim fleshka ham bo‘ladi.

Noutbuk sumkasini alohida tanlayman, chunki unga noutbuk, quvvatlovchi va boshqa zarur buyumlar sig‘adi. Unda doim ko‘zoynagim ham bo‘ladi, undan taqdimotlar va katta ekranlardagi ma’lumotlarni ko‘rishda foydalanaman. Bu sumka men uchun juda muhim, chunki u biznes uchun kerakli barcha narsalarni jamlaydi.

b a holding, gulbahor tojimirzayeva, ryukzagda nima bor

Yana bir hamyonim bor, undan sakkiz-to‘qqiz yildan beri foydalanaman. U men uchun juda qadrli, chunki ichida Xitoyda yashagan paytimdagi bank hisoblarimga oid elektron kalitlar va muhim ma’lumotlar saqlanadi.

Sumkamda doim yon daftar bo‘ladi. Unda uchrashuvlar, muhim ma’lumotlar va kunlik rejalarimni yozib boraman. Bunday daftarlarimni uyimdagi kabinetda saqlayman. Qachondir qaysidir maʼlumot kerak bo‘lib qolganda, qidirib topishga oson bo‘ladi.

b a holding, gulbahor tojimirzayeva, ryukzagda nima bor

Menga eng qadrli narsalardan biri — kitob. Asosan biznes va ayollar rivojiga oid kitoblarni o‘qishni yoqtiraman. Hozirda Den Kennedining “Qat'iy boshqaruv: odamlarni natijaga ishlashga majbur qiling” kitobini o‘qiyapman va uni doim yonimda olib yuraman.

b a holding, gulbahor tojimirzayeva, ryukzagda nima bor

Agar biror narsani yoqtirsam yoki birorta buyumdan foydalansam, ko‘p o‘zgartirmayman o‘zimning odatimni, iloji boricha saqlab qolaman va o‘sha odatga amal qilaman.