Oʻzbekistonda 27-yanvar kuni soat 16:00 holatiga koʻra, respublikadagi barcha hududlarda elektr energiyasi taʼminoti toʻliq tiklandi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar qildi.

Maʼlum qilinishicha, ayni paytda mamlakatda Toʻraqoʻrgʻon issiqlik elektr stansiyasidan tashqari barcha elektr stansiyalarning ish faoliyati tiklangan.

“Shu bilan birga, mamlakatimizda gaz taʼminoti hozircha toʻliq tiklanmaganini inobatga olgan holda, sizdan sabr-toqatli boʻlishingizni, elektr energiyasi uzilishlarining oldini olish uchun ehtiyojdan tashqari elektr jihozlarini tarmoqqa ulamaslikni soʻraymiz”, — deyiladi xabarda.

Shuningdek, respublika hududlarida tabiiy gaz taʼminoti bilan bogʻliq holat yuzasidan qoʻshimcha maʼlumot berildi (soat 15:00 holatiga).

Hozirgi paytda isteʼmolchilarga tabiiy gaz yetkazib berish boʻyicha tizimli ishlar davom ettirilmoqda. Koʻrilgan choralar tufayli tabiiy gaz isteʼmolchilarining 90 foizida ijobiy natijaga erishildi.

Shu bilan birga, quyida gaz bosimi nisbatan past hududlar roʻyxati keltirilmoqda:

  1. Fargʻona viloyatida — 43 foiz;
  2. Andijon viloyatida — 41 foiz;
  3. Namangan viloyatida — 39 foiz;
  4. Toshkent viloyatida — 1,4 foiz;
  5. Samarqand viloyatida — 3 foiz;
  6. Toshkent shahrida -7,5 foizni tashkil etmoqda.

Mazkur hudud isteʼmolchilarining tabiiy gaz bosimini barqarorlashtirish uchun kerakli ishlar olib borilmoqda.