Instagram barcha foydalanuvchilarga avvalgi harakatlarni koʻrish va boshqarish imkoniyatini beradi, deb yozadi ijtimoiy tarmoq matbuot xizmati.

“Sizning faoliyatingiz” deb nomlangan funksiya yangilanishdagi asosiy oʻzgarish boʻlib, foydalanuvchilar oʻzlarining postlari, storieslari, Reels va IGTV videolari va platformadagi faoliyatiga tezkor kirish imkoniyatiga ega boʻladilar.

Boʻlimga “Profil” yorligʻi menyusi orqali kirishingiz mumkin. Bu yerda siz kontentni harakat vaqti boʻyicha filtrlashingiz, maʼlum daqiqalarda qilingan sharhlar va storieslarni topishingiz mumkin.

Shuningdek, “Sizning faoliyatingiz” boʻlimi orqali foydalanuvchilar oʻzlarining kontenti, sharhlari, like va boshqa amallarini tezda oʻchirish yoki arxivlash imkoniyatiga ega boʻldi.

Unda siz qidiruv soʻrovlari roʻyxatini, koʻrilgan havolalarni va Instagramda qancha vaqt sarflaganingizni koʻrishingiz mumkin. Nihoyat, “Sizning faoliyatingiz” orqali profilingizdagi barcha fotosuratlar, videolar va postlarni yuklab olishingiz mumkin.

Ilova, shuningdek, akkauntning xavfsizligini tezda tekshirish imkoniyatiga ega, avtorizatsiyalar roʻyxatini koʻrish va zaxira telefon yoki elektron pochta manzilini oʻzgartirish mumkin.

Instagram rahbari Adam Mosseri 2021-yil dekabr oyida fotosuratlar, sharhlar va like-larni olib tashlash funksiyasini qoʻshishga vaʼda berdi. Bular oʻsmir foydalanuvchilarning xavfsizligiga xizmat qilishi taʼkidlangan.