Bugungi kunimizni texnologiyalarsiz, internetsiz tasavvur qilish qiyin. Va bunga hamohang tarzda zamonaviy kasblar ham yuzaga kelmoqda. Ayniqsa, IT sohasiga bugun talab yuqori.

Bu sohada ko‘pincha o‘g‘il bolalarni ko‘rish mumkin, ammo O‘zbekistondan chiqayotgan “aytishnik” qizlar ham borki, ular bugun xalqaro kompaniyalarda faoliyat yuritmoqda.

Ana shunday IT-mutaxassislardan biri Muhayyo Tashpulatova. Hozir u Dublindagi “Workday” kompaniyasida dasturchi muhandis (Software Engineer) sifatida faoliyat yuritmoqda.

Muhayyo 2019-yili Toshkentdagi Inha universitetining “Computer Science and Engineering” fakultetini tamomlagan.

Shundan so‘ng, “Erasmus Mundus Joint Master Degree” dasturi asosida Yevropada magistraturani o‘qish uchun grant qo‘lga kiritgan.

Magistraturaning birinchi yilini Fransiyadagi Lorraine universitetida, ikkinchi yilini esa Irlandiyadagi Maynooth universitetida o‘qigan.


IT bu “out of box o‘ylash”

Bolaligimdan IT-sohasiga umuman qiziqish bo‘lmagan. Hattoki “Java”, “C++” va boshqa dasturlash tillari borligini ham bilmasdim.

2014-yilda ota-onam uyimizga yaqin joyda Inha universiteti ochilayotganini va unga qiziqib ko‘rishimni aytishgan.

O‘shanda universitetning bir yillik tayyorlov kurslarida o‘qiy boshlaganman.

O‘sha vaqtlar yangi ochilgan universitet bo‘lgani sabab, o‘qishda faqat birinchi bosqich talabalari o‘qishardi. Ularning o‘quv jarayonlari juda yoqardi va ularga havasimiz kelardi.

Hozir ishonch bilan ayta olamanki, bu soha menga juda ko‘p yo‘llarni ochib berdi. Qolaversa, o‘z bilim va dunyoqarashimning oshishiga turtki bo‘lgan.

IT sohasi out of box o‘ylashga undaydi va har tomonlama odamni rivojlantiradi.

“Amazon"dagi amaliyot

Universitetning 3-bosqichini tamomlaganimdan keyin Toshkendagi “Uztelecom” kompaniyasida “Android” dasturchi sifatida amaliyotchi bo‘lib ishladim.

dasturchi muhandis, muhayyo tashpulatova, software engineer, it-girl

Foto: Muhayyo Tashpulatovaning shaxsiy arxividan

Magistraturaning oxirgi yilida Dublindagi “Amazon” kompaniyasida dasturchi muhandis sifatida tajriba orttirishga muvaffaq bo‘ldim.

“Amazon"ga intervyu e-mail bilan boshlangan, uch soatlik onlayn topshiriq olganman. Undan keyin ikki soatlik texnik intervyuga taklif qilinganman, bunda suhbatni ikki soatda ikki yo‘nalishning dasturchi muhandisi olib borgan.

Kodingdan tashqari “Amazon"ning 14 ta liderlik prinsiplari bor, xulq-atvor (ko‘nikmalar)ga doir savol berilganda yetakchilik prinsiplariga bog‘lab javob berish kerak.

“Workday"ga ilk qadam

Magistraturani tamomlayotgan paytimda turli kompaniyalarning vakansiyalarini ko‘rishni boshlaganman.

Yevropa, Shimoliy Amerika davlatlarida sentabr-yanvar oralig‘ida bitiruvchilar uchun hamma kompaniyalar vakansiyalar qo‘yib borishadi.

O‘shanda hujjatlarimni “Workday"ga topshirganman. Bu xalqaro kompaniya bo‘lib, bosh ofisi Kaliforniyada joylashganini bilardim.

Boshqa joylarga ishga hujjat topshirganimda ham ularning HR-sistemasini foydalanuvchi sifatida ishlatib ko‘rgandim.

“Amazon"da amaliyot o‘taganim katta plyus bo‘lgan bo‘lsa kerak, “Workday"ga hujjatlarimni topshirganimdan 1−2 kun o‘tgach, darrov rekruter men bilan bog‘langan.

dasturchi muhandis, muhayyo tashpulatova, software engineer, it-girl

Foto: Muhayyo Tashpulatovaning shaxsiy arxividan

Ish uchun suhbat

“Workday"ga suhbat rekruter qo‘ng‘irog‘idan boshlangan. Suhbatdan so‘ng topshiriq oldim.

Keyingi xulq-atvorga doir 30 daqiqali suhbat menejer bilan o‘tdi. Bu suhbatdan keyin oxirgi uch soatlik texnik intervyuga taklif qilindim.

Har soat uch xil dasturchi muhandis bilan o‘tdi va bu intervyudan keyin to‘liq stavkada ishlash taklifini oldim.

“Workday"ga suhbatdan muvaffaqiyatli o‘tish uchun asosan “leetcode"dan misollar yechganman.

Shuningdek, ko‘nikmalarga doir savollarga ham yaxshi tayyorlanish kerak, ularga javob to‘g‘ridan to‘g‘ri emas. Bu savollar “Tell me about a time"dan boshlanadigan savollar sirasi hisoblanadi.

Yangi ish — yangi tajriba

Men faoliyat yuritayotgan bo‘lim “Customer Deployment Tools” deb nomlanadi. Oddiy qilib aytganda bu bo‘lim “Workday” foydalanuvchilariga bir “cloud virtual machine"dan ikkinchi “cloud virtual machine"ga kofiguratsiyalarni migratsiya qilishga platforma yaratib bergan.

Bizning jamoa asosan “Scala” va “Java” dasturlash tillari bilan ishlaydi. Jamoamizda dasturchi muhandislardan tashqari “Product Manager” ham bor.

Amaliyotimda bu pozitsiyadagi odam bilan ishlab ko‘rish mening birinchi tajribam sanaladi. Bir xil muhandislik jamoalarida “Product Manager” har doim ham bo‘lmaydi.

“Amazon"da ishlaganimda ham shunday bo‘lgan. Jamoaning qilayotgan ishi qanchalik foydalanuvchiga yaqin bo‘lsa shuncha turli xil odamlar bilan ishlaysiz.

dasturchi muhandis, muhayyo tashpulatova, software engineer, it-girl

Foto: Muhayyo Tashpulatovaning shaxsiy arxividan

Ishda javobgarlik yuqori bo‘lishi kerak

“Workday"da ishlashdan oldin men “Scala"da kod yozmagandim. Hozir esa kompaniya yangi dastur tilini o‘rganishim uchun vaqt va resurs ajratib bermoqda. “Data structure” va “OOP concept"larni bilishim esa o‘rganishimni osonroq qiladi.

Boshida “java codebase repository"da yuzdan ortiq mutaxassis ishlashini ko‘rib hayron qolganman, nimaga buncha katta, deganman.

Lekin hamma servisning ham o‘ziga yarasha qiyinchiliklari bor va sistema arxitekturasi ular uchun individual tuziladi.

Men bu “codebase"da ishlaganimda judayam ehtiyotkor bo‘laman, ayniqsa vazifamni bajarishda javobgarlikni his qilib ishlayman.

O‘zbek IT kompaniyalariga “agile coach"lar kerak

Bizning jamoa “agile kanban methodology” bo‘yicha ishlaydi. Bundan oldin “Amazon"da “agile scrum methodology” bo‘yicha ishlab ko‘rganman.

“Kanban” bilan “Scrum” ikkalasi ham muammoni kichik vazifalarga bo‘lib yechim chiqarishni va “continuous improvement” — uzluksiz takomillashtirishni ifodalaydi.

Ularning farqi shundaki, “kanban” muammolarni vizualizatsiya qiladi, “scrum” esa strukturaga soladi.

O‘zbekistondagi yirik IT kompaniyalari qanday ishlashini bilmayman, ammo bu metodologiyani ularda ham to‘g‘ri targ‘ib qilish muhim deb hisoblayman.

Chunki bu kompaniyada yaxshi “engineering culture” — muhandislik muhitini yaratishga yordam beradi. Agar kompaniyada resurs bo‘lsa va uni dunyo standartlariga javob beruvchi kompaniya qilishni istasa “agile coach"larni jamoaga taklif qilish juda to‘g‘ri bo‘ladi deb hisoblayman.

Bundan tashqari ko‘pgina xalqaro IT kompaniyalari dasturchi muhandislarning fikriga juda ham katta e’tibor qaratadi, shu qatorda “Workday” ham. Ya’ni kompaniyalar uchun tashabbuslar muhim.

dasturchi muhandis, muhayyo tashpulatova, software engineer, it-girl

Foto: Muhayyo Tashpulatovaning shaxsiy arxividan

Bizda har oy yoki har yirik vazifani yakunlagach, ko‘pgina menejerlar bilan jamoaviy uchrachuvlar tashkil etiladi. Unda ish jarayonida nima yoqmayapti, nimani yaxshiroq bajarishimiz mumkunligi haqida fikr almashamiz.

Bulardan biri, bizda “Squad Health Check” modeli targ‘ib qilingan, ya’ni u jamoalarning qanday ishlayotganini o‘lchashga/baholashga va vizualizatsiya qilishga yordam beradi.

Bu model dastlab “Spotify Engineering” jamoasi tomonidan rivojlantirilgan. Bu bir misol, har bir kompaniya va undagi jamoa o‘ziga nima to‘g‘ri kelishini yaxshiroq biladi.

Viza va daromad

Magistraturani tamomlagach Irlandiyada universitet bitiruvchilari uchun davlat tomonidan viza 1 yilga cho‘zib beriladi. Bu “Graduate visa” deb nomlangan.

Bundan asosiy maqsad bitiruvchilarga Irlandiyada qolishga, ish topishga imkoniyat yaratish va yetarlicha vaqt berishdir.

“Graduate visa"dan keyin “Critical Skills Employment Permit” ish beruvchi yordamida beriladi.

Shu o‘rinda “Spot” Irlandiyadagi dasturchilar daromadi bilan qiziqdi va quyidagi ma’lumotlarni oldi:

Mamlakatda dasturchi muhandislarning maoshi asosan, ularning tajribalariga qarab belgilanadi.

Jumladan, Dublinda junior xodimlarning yillik maoshi o‘rtacha 60 ming yevro, senior xodimlarniki esa yiliga o‘rtacha 90−100 ming yevroni tashkil qiladi.