Prezident qarori bilan keyingi yildan moliyaviy hisobotlarni soliq va statistika organlariga har chorakda taqdim etish talabi bekor qilinadi.

Hujjat bilan, 2023-yildan tadbirkorlar yillik moliyaviy hisobotlarni soliq organlariga topshirish majburiyatidan ozod etiladi.

Bunda aylanmadan olinadigan soliqni qat’iy belgilangan soliq stavkasi bo‘yicha to‘laydigan tadbirkorlar nazarda tutilgan.

Yuridik shaxslar tomonidan 2022-yildan keyin hisoblangan jismoniy shaxslarning ish haqi va boshqa daromadlari hamda soliq summalari to‘g‘risidagi arxiv hujjatlarini saqlash va arxivlarga topshirish majburiyati bekor qilinadi.

Shuningdek, ular joriy yildan elektron tarzda topshirilgan moliyaviy, soliq va statistika hisobotlarini saqlash hamda arxivlarga topshirish majburiyatidan ham ozod etiladi.

2023-yildan quyidagi statistik hisobot turlari bekor qilinadi:

  • birja faoliyati to‘g‘risida hisobot;
  • mehnat sharoitlari ahvoli to‘g‘risida hisobot;
  • hisoblangan ish haqi miqdori bo‘yicha xodimlar sonining taqsimlanishi to‘g‘risida hisobot;
  • umumiy foydalanishdagi temir yo‘l transporti xizmatlari to‘g‘risida hisobot;
  • tijorat banki faoliyati to‘g‘risida hisobot;
  • sug‘urta tashkiloti faoliyati to‘g‘risida hisobot;
  • kichik qurilish tashkilotlari va mikrofirmalarda mavjud qurilish mashina va mexanizmlari to‘g‘risidagi hisobot;
  • quvur yo‘li transporti faoliyati to‘g‘risida hisobot;
  • meva-sabzavot mahsulotlari xaridi to‘g‘risida hisobot.

2023-yil 1-maydan yuridik shaxslarga elektr energiyasi, tabiiy gaz, issiq suv, ichimlik suv ta’minoti, oqova suv va telekommunikatsiya xizmatlarini ko‘rsatishga yengilliklar beriladi.

Xususan, bu bo‘yicha shartnomalarni, iste’mol to‘g‘risidagi hisobotlarni va kelgusi davr uchun shartnomaviy miqdorlar to‘g‘risidagi bir martalik hamda davriy hujjatlarni elektron rasmiylashtirishga ruxsat etiladi.

2024-yilgacha “Arxiv” axborot tizimini tegishli vazirlik va idoralarning axborot tizimlari va ma’lumotlar bazalari bilan integratsiya qilish belgilangan.

Bu orqali tadbirkorlarning hujjatlarini elektron qabul qilish, saqlash hamda so‘rovga ko‘ra taqdim etish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

Avvalroq, tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan tartibga solishni soddalashtirish bo‘yicha prezident farmoni, korporativ munosabatlarning huquqiy asoslarini takomillashtirish bo‘yicha prezident qarori qabul qilingandi.