Joriy yilda “Transmashxolding” (TMX) tarkibiga kiruvchi Rossiyaning “Metrovagonmash” zavodi Toshkent metropoliteni uchun 56 ta vagon yoki 14 ta tarkib yetkazib berishi kerak.

Bu haqda TMX bosh direktori Kirill Lipaga tayanib, “Gazetauz” nashri xabar berdi.

“Hozir stolimizda (Toshkent uchun) 50 dan ortiq metro vagonlarini yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolangan va amalga oshirilmoqda”, — degan Kirill Lipa.

Uning qo‘shimcha qilishicha, xolding Toshkent metropoliteni 1977-yilda ochilganidan buyon uning doimiy hamkori hisoblanadi.

Metropoliten matbuot xizmati 2023-yilda 14 ta yangi tarkib kelishi kerakligini tasdiqladi, ular uchastkalarning ish yukiga qarab metro tizimi bo‘ylab taqsimlanadi.

2019−2021-yillarda O‘zbekiston poytaxti metrosiga “Metrovagonmash"dan umumiy qiymati 91,3 mln yevro bo‘lgan 60 ta vagon olib kelingan.

Bu 15 ta tarkibni shakllantirish va harakatlanish oraliqlarini qisqartirish imkonini berdi.

Yetkazib berish “VEB.RF” davlat taraqqiyot korporatsiyasi, “Rossiya eksport markazi”, Roseksimbank kreditlari va O‘zbekiston davlat budjeti hisobidan moliyalashtirilgan.

2021-yili “Metrovagonmash” tomonidan Toshkent metropoliteni uchun 20 ta vagon olib kelingandi. 2020-yili “Moskva” poyezdidan 10 ta sotib olinishi ma’lum qilindi.

2022-yilning avgust oyida esa Toshkent metropoliteni qo‘shimcha 14 ta harakat tarkibi sotib olishni rejalashtirayotgani haqida xabar berildi.