2026-yilda Xalqaro informatika olimpiadasi O‘zbekistonda o‘tkaziladi, deya xabar bermoqda “IT Park” matbuot xizmati xabar bermoqda.

Bu haqda 28-avgust — 3-sentabr kunlari Vengriyada o‘tkazilgan 35-Xalqaro informatika olimpiadasi (IOI 2023) doirasidagi uchrashuvda texnopark delegatsiyasi taklif bildirgan.

Xususan, texnopark IOI Komissiyasi oldidagi taqdimotda 2026-yilda olimpiadani O‘zbekistonda o‘tkazish uchun ariza topshirdi. Taqdimot davomida mamlakat salohiyati, qulay va xavfsiz sharoitlari hamda mamlakatning Markaziy Osiyo IT-xabiga aylanishi uchun amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar taqdim etilgan.

Natijada, komissiya 2026-yilda Xalqaro informatika olimpiadasi O‘zbekistonda o‘tkazilishini rasman e’lon qildi.

Bu yil IOI’da 89ta mamlakatdan 346ta o‘quvchi ishtirok etdi. Olimpiadaning ikkala bosqichi yakunlari bo‘yicha, O‘zbekiston vakillari birinchi marotaba bronza medallarni qo‘lga kiritdi.

Olimpiada g‘oliblari:

  • Dilyorbek Valijonov — Andijon shahridagi Prezident maktabining 11-sinf o‘quvchisi;
  • Dilshodbek Xo‘jayev — Toshkent shahar, Olmazor tumanidagi ixtisoslashtirilgan maktabning 11-sinf o‘quvchisi.

Olimpiadaga tayyorgarlik jarayonlarida O‘zbekiston terma jamoasiga nomzodlar uchun murabbiy sifatida IOI medallariga ega bo‘lgan xalqaro ekspert Bartocz Kostkani (Kanada) jalb qilingan. Ekspert ishtirokida 10 kunlik butkemp shaklida treninglar tashkil etilgan.

“Biz hozirdanoq uch yildan keyingi olimpiadani intiqlik bilan kutamiz. Ish hajmi anchagina ko‘p, lekin bu juda qiziqarli bo‘ladi”, — deydi IOI prezidenti Benjamin Burton.

Xalqaro informatika olimpiadasi (IOI) maktab o‘quvchilari o‘rtasida informatika yo‘nalishi bo‘yicha har yili o‘tkaziladigan musobaqa bo‘lib, birinchi marta 1989-yilda tashkil etilgan.

Tanlov ikki bosqichdan iborat: ishtirokchilarga algoritmik masalalarni yechish va dasturlash taklif qilinadi. Maktab o‘quvchilari yakka tartibda raqobatlashib, har bir mamlakatdan to‘rttadan ortiq ishtirokchi bo‘lishi mumkin emas.