Shavkat Mirziyoyev Nyu-Yorkda Jahon banki guruhi prezidenti Ajay Banga bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda bank bilan hamkorlikni kengaytirishning asosiy jihatlari, jumladan, xususiylashtirish va samarali davlat boshqaruvi sohalarida bankning ekspertlik va texnik ko‘magini kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Bundan tashqari, karbonsizlashtirish, muqobil energetika, infratuzilma va kommunikatsiyalar, suv ta’minoti bo‘yicha loyihalarni moliyalashtirish va ularga xususiy investitsiyalar, jumladan, DXSh asosida jalb qilish hamda Transafg‘on temir yo‘lini qurish kabi strategik tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash muhokama qilindi.

Ajay Banga mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar dasturini yuqori baholab, o‘zaro manfaatli sheriklikni rivojlantirishga tayyorligini bildirdi.

Shuningdek, bankning dunyo biznesi yetakchi vakillaridan iborat Maslahat kengashi O‘zbekistonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar oqimini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqishda ishtirok etishi to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

O‘zbekiston Jahon bankining yirik hamkor-benefitsiarlaridan biri bo‘lib, so‘nggi 6 yilda qo‘shma loyihalar portfeli 5 barobardan ziyodga kengaydi.

2026-yilgacha mo‘ljallangan va jami $4 mlrd loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutuvchi Hamkorlik dasturi Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining barcha yo‘nalishlarini qamrab olgan.

Joriy yilning iyun oyida bank vakillari bilan 2022−2026-yillarga mo‘ljallangan rivojlanish strategiyasida belgilangan kambag‘allikni kamaytirish va keyingi iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirishga qaratilgan islohotlarni amalga oshirish bo‘yicha hukumat rejalari muhokama qilingandi.

O‘zbekiston Jahon banki bilan past foizli imtiyozli kreditlarni ishlab chiqishni muhokama qilmoqda. Mamlakatning zararli chiqindilarni kamaytirish dasturi uchun Jahon bankidan $46 mln olishi ma’lum bo‘lgandi.