Hukumat qarori bilan oilaviy mehmon uylari, xostellar, o‘tovli va chodirli oromgohlar faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida nizom tasdiqlandi.

Oilaviy mehmon uyi — mehmon uyida uy egasining oila a’zolari bilan birga yashash tamoyili bo‘yicha bir vaqtning o‘zida 10tagacha turistga vaqtincha yashash va ovqatlanish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatuvchi hamda har bir yashovchiga 3 metr kvadrat hisobidan to‘g‘ri keladigan turar joy maydoniga ega bo‘lgan xususiy uy-joy obyekti.

Nizomga ko‘ra, mehmon uylari, xostellar, o‘tovli va chodirli oromgohlar faoliyati ularni Turizm qo‘mitasi tomonidan yuritiladigan reyestrga kiritish va undan ko‘chirma berish orqali tashkil etiladi.

Mehmon uylari faoliyatini tashkil etishda tegishli sharoitlar yaratilgan bo‘lishi shart. Quyida majburiy sharoitlar ro‘yxati keltirilgan:

Tashrif buyuruvchilar uchun sanitariya-gigiyena qulayliklarini tashkil etish:

  • umumiy foydalanish uchun sanitariya-gigiyena uzeli, vanna yoki dush kabinasining mavjudligi;
  • kanalizatsiya yoki mahalliy inshootlarning mavjudligi;
  • yashash va jamoat joylarida tabiiy va sun’iy (fonarlar, shamlar va boshqa yoritish vositalaridan foydalanish hisobiga) yoritishning mavjudligi;
  • suv ta’minotining mavjudligi (suvni to‘plash uchun idishlar o‘rnatish yo‘li bilan).

Turistlar xavfsizligini ta’minlash:

  • o‘t o‘chirgichlar va tibbiyot dori kutisining mavjudligi;
  • shoshilinch yordam xizmatlarini chaqirish imkoniyati.

Tashrif buyuruvchilarning (turistlarning) qulay va yaxshi yashashlari uchun quyidagi sharoitlarni tashkil qilish:

  • tutash hududning qulay va shinam, oilaviy mehmon uyiga borish yo‘llari qattiq qoplamaga (shag‘alli, yog‘ochli) ega bo‘lishi;
  • oilaviy mehmon uyining old tomonida “Oilaviy mehmon uyi”, “Semeyniy gostevoy dom” va “Family guesthouse” so‘zlarini o‘z ichiga olgan, oilaviy mehmon uyining o‘zbek, rus va ingliz tillaridagi nomi ko‘rsatib o‘tilgan ma’lumotlar taxtasining (o‘lchami eng kamida 60 sm x 80 sm) mavjud bo‘lishi.

Oilaviy mehmon uyiga kirishda o‘zbek, rus va ingliz tillarida yozilgan quyidagi ma’lumotlar taxtasining mavjud bo‘lishi:

  • Oilaviy mehmon uylari, xostellar, o‘tovli va chodirli oromgohlar yagona reyestridan ko‘chirma nusxasi;
  • shoshilinch xizmatlarning va Turizm qo‘mitasi Call-markazining telefon raqamlari, ko‘rsatiladigan xizmatlar preyskuranti;
  • ro‘y berishi mumkin bo‘lgan tabiiy hodisalar, joylardagi xavf-xatarlar to‘g‘risida ma’lumot.

Bundan tashqari, umumiy foydalanish uchun mobil yoki statsionar telefon aloqasining mavjud bo‘lishi hamda tashrif buyuruvchilarni joylashtirish xonalarida karavotlar yoki matraslar, ular soni bo‘yicha choyshab-jildlar majmuining mavjudligi talab etiladi.

Shuningdek, “E-mehmon” — mehmonxona va boshqa joylashtirish vositalarida yashovchilarni hisobga olishning avtomatlashtirilgan maxsus elektron dasturiga ulangan bo‘lishi kerak.

Bunda, Internetga ulanish imkoni mavjud bo‘lmagan hollarda, turistlarni eng yaqin joylashtirish vositalari yoki turizm-axborot markazlari orqali tegishli xududiy ichki ishlar organlariga murojaat etgan holda tashrif buyuruvchilarning ro‘yxatga olinishini ta’minlaydi.

Qaror bilan mehmon uylari, xostellar, o‘tovli va chodirli oromgohlarni reyestrga kiritish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi.

Mazkur faoliyat turini tashkil etish istagini bildirgan ariza beruvchi davlat xizmatidan foydalanish uchun Davlat xizmatlari markaziga shaxsan o‘zi kelib murojaat etishi yoki Yagona portal orqali ro‘yxatdan o‘tishi mumkin. So‘rovnoma to‘ldirilib, unga tegishli hujjatlar ilova qilinadi.

Turizm qo‘mitasining hududiy bo‘linmalari hujjatlarni olgan kundan boshlab 3 ish kuni davomida ko‘rib chiqadi hamda o‘rganib chiqish natijasi yuzasidan dalolatnoma rasmiylashtiriladi. Davlat xizmati bepul ko‘rsatiladi.

2022-yilning avgustida mehmon uylarini ochmoqchi bo‘layotgan tadbirkorlar kredit mablag‘larining 30%gacha qismini qoplab berish belgilangandi.

Kredit umumiy qiymati 5 mlrd so‘mdan, foiz stavkasi Markaziy bank asosiy stavkasining 1,5 baravaridan oshmagan bo‘lishi kerak.

Mamlakatdagi ilk mehmon uylari 2018-yilda faoliyatini boshlagan. O‘shanda 23ta mehmon uylari qayd etilgan.