12-dekabrdan barcha huquq tartibot organlari va ijtimoiy infratuzilma xizmatlari 24 soatlik ish tartibiga o‘tkazildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Shavkat Mirziyoyev raisligida qish mavsumini betalafot o‘tkazish bo‘yicha vazifalarning bajarilish holati bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

O‘tgan qishdagi sovuqdan kelib chiqib, bu mavsumga jiddiy tayyorgarlik ko‘rilgani qayd etildi. Xususan, ichki imkoniyatlar to‘la ishga solinib, tarmoqlar modernizatsiya qilindi. Muassasa, korxona va mahallalardagi kamchiliklar bartaraf etildi.

Qo‘shimcha energetika quvvatlarini yaratish bo‘yicha ishlar tashkil etilib, qisqa vaqtda 675 megavatt ishga tushirildi. Yil yakunigacha 2,2 ming megavattli 7ta stansiya ishga tushiriladi. Shuningdek, 100ta podstansiya, 11,5 mingta transformator va 34 ming kilometr tarmoqlar yangilandi.

Toshkent shahrida aholi ko‘pligi va talab yuqoriligi bois bu masalaga alohida to‘xtalib o‘tildi. Xususan, poytaxtda jami quvvati 286 megavattga teng 2ta yangi podstansiya qurildi. 228ta transformator, 1 130 kilometr tarmoqlar yangilandi. 260 kilometr yuqori kuchlanishli kabel tarmoqlari tortildi.

Davlat rahbari bu ishlarni davom ettirib, dastur doirasida rejalashtirilgan ishlarni qisqa muddatlarda yakuniga yetkazish zarurligini ta’kidladi.

Yig‘ilishda ayrim hududlarda energetika tizimida kuzatilayotgan muammolar muhokama qilindi. Prezident ijtimoiy tarmoqlarda bildirilayotgan fikrlarga alohida e’tibor qaratdi.

Masalan, Namangan viloyatidagi gaz quyish shoxobchalarida gaz kamaygan. Andijon viloyatining Baliqchi, Paxtaobod, Marhamat va Andijon tumanlarida havo sovushi bilan elektr energiyasi bilan bog‘liq muammolar ko‘paygan. Qashqadaryo viloyati G‘uzor va Kasbi tumanlarida chiroq ko‘p o‘chayotgani ma’lum qilingan.

Davlat rahbari bunday kamchiliklarni bartaraf etish va kelgusida oldini olish lozimligini ta’kidladi. Elektr tarmoqlari va gaz ta’minoti mutasaddilariga avariya brigadalarini shay holatga keltirib, uzluksiz ishlashini ta’minlash, zarur vosita va materiallar zaxirasini ko‘paytirish bo‘yicha topshiriq berildi.

Bu yil ko‘mir ta’minotida yangi tizim yo‘lga qo‘yildi. Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida 5,9 mln tonna ko‘mir qazib chiqarildi. Aholiga 930 ming tonna, ijtimoiy soha uchun qo‘shimcha 93 ming tonna ko‘mir yetkazildi.

Hududlardagi omborlarda turgan ko‘mirni aholiga va ijtimoiy sohaga yetkazilishini kundalik nazoratga olish, isitish tizimi davlat-xususiy sherikka o‘tkazilgan obyektlarda zarur ko‘mir zaxirasini yaratish kerakligi aytildi.

Energiya resurslaridan oqilona foydalanish, qonunga xilof holatlarni cheklash muhimligi ham ko‘rsatib o‘tildi. Joriy yilning 12-dekabridan barcha huquq tartibot organlari va ijtimoiy infratuzilma xizmatlari 24 soatlik ish tartibiga o‘tishi belgilandi.

Yig‘ilishda Yangi yil bayrami oldidan aholi farovonligi uchun sharoitlarni yaxshilash masalalariga e’tibor qaratildi. Madaniy tadbirlar yuqori darajada o‘tkazilishi, ko‘ngilochar dasturlar va xizmatlarni ko‘paytirilishi qayd etildi.

Bozorlarda arzonlashtirilgan savdo yarmarkalari tashkil etiladi. Narx-navolarni asossiz oshirishga urinish Bosh prokuratura tomonidan nazoratga olinadi.

Shuningdek, jamoat transportlarining barqaror qatnovini ta’minlash, metro va avtobuslarda aholiga sifatli xizmat ko‘rsatish muhimligi ta’kidlandi. Bekatlarda sharoitlarni yaxshilash, yo‘llarni tozalash va harakat xavfsizligini oshirish masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.

Yig‘ilishda qishga tayyorgarlik bo‘yicha Hukumat komissiyasi va boshqa mutasaddilarning hisoboti eshitildi.

1-dekabrdan mamlakatda energetika tizimi 24 soatlik ish tartibiga o‘tkazildi. Davlat rahbari energiya manbalarini barqaror yetkazib berish, shu bilan birga, to‘lov intizomini ta’minlash muhimligini ta’kidlagandi.

Noyabr oyi boshida davlat rahbari energetika tizimini kuz-qish mavsumiga tayyorlash bo‘yicha vazifalar bergandi. Undan keyin tabiiy gazdan noqonuniy foydalanishning oldini olish bo‘yicha topshiriq berdi. Kuz-qish mavsumida aholi va tadbirkorlarga tabiiy gazni sifatli va uzluksiz yetkazib berish masalalari ko‘rib chiqildi.