“UzAuto Motors” kompaniyasi dilerlik markazlari orqali avtomobillarni yetkazib berish muddatiga aniqlik kiritdi.

Tuzilgan shartnomaga asosan, yetkazib berish muddati shartnoma banddida ko‘rsatilgan muddatdan o‘tmasligi kerak, deyiladi xabarda.

Shuningdek, avtomobilni saqlash muddati dilerlik markaziga yetkazib berilgandan so‘ng 5 ish kunidan oshmasligi ko‘rsatilgan.

Agar xaridor ushbu muddat ichida o‘z avtomobilini dilerlik markazidan olib ketmasa, kompaniya avtomobilni navbat tartibi asosida keyingi mijozga berishga majbur bo‘ladi.

Bundan tashqari, avtomobil ishlab chiqaruvchisi joriy yilda ishlab chiqarilgan avtomobil 2024-yilning 1-yanvaridan keyin olib ketilsa, uning ishlab chiqarish yili o‘zgarishi qabilidagi mish-mishlarga ishonmaslikka chaqirdi.

Butun ishlab chiqarish hajmi, jumladan “Chevrolet Lacetti” va “Tracker” modellari 2023-yilgacha ishlab chiqariladi. Shuningdek, mazkur modellar 2023-yil modeli sifatida ishlab chiqariladi.

Avvalroq kompaniya xaridorlarni shaxsiy ma’lumotlarini o‘zgalarga bermaslikka chaqirib, ogohlantirish bilan chiqqandi.

Dekabr oyining ikkinchi yarmida “UzAuto Motors"ning ommabop avtomobillar uchun onlayn kontraktatsiya ochilishi kutilmoqda. Endilikda kontraktatsiyani avtosalonlardan emas, faqat onlayn tarzda kompaniya sayti va ilovalari orqali rasmiylashtirish mumkin.

2024-yildan “Lacetti” ishlab chiqarilishi to‘xtatiladi. Kompaniya mazkur avtomobil uchun butlovchi qismlar ishlab chiqaruvchi korxonalarning ishlab chiqarish quvvatlarini yangi modellarga yo‘naltiradi.