“EastFruit” tahlilchilariga ko‘ra, O‘zbekistonda yangi yil bayramlaridan so‘ng, bu davrdagi talabning an’anaviy zaiflashuviga qaramay, olma narxi yana ko‘tarilgan.

Xususan, 2024-yil yanvar oyining birinchi haftasida olma ulgurji narxlari o‘rtacha 20%ga oshdi va 2023-yilning shu davriga nisbatan 29%ga yuqori bo‘ldi.

“Golden Delicious” olma narxi keskin, atigi bir hafta ichida 40%ga ko‘tarildi. Shu tariqa, ushbu olma navining narxi O‘zbekiston bozorida tobora ommalashib borayotgan olmaning “Gala” naviga tenglashdi.

Eng mashhur va arzon yangi yil mevasi mandarin ham qimmatlashdi. Bir hafta davomida mandarinlarning ulgurji narxi 13%ga oshdi, biroq bu mevalar hali ham nisbatan arzon — bir kilogramm ulgurji sotuvda o‘rtacha 9 ming so‘mdan sotildi, bu bir kilogramm uchun $0,73ga teng.

Taqqoslash uchun, eng arzon olma navlari 1 kilogrammi 10 ming so‘m yoki $0,81, “Golden Delicious” navi esa 14 ming so‘m yoki bir kilogrammi $1,14dan sotildi.

So‘nggi 12 yil ichida intensiv olma bog‘lariga ko‘p million dollarlik sarmoya kiritilganiga qaramay, O‘zbekiston olma importchisi bo‘lib qolmoqda va bu mevalarni mamlakatga import qilish hajmi o‘sib bormoqda.


Avvalroq “Spot” O‘zbekistonda olma narxi ketma-ket ikkinchi hafta oshishda davom etayotgani haqida yozgandi.

Xususan, “Renet Simirenko” navli olmaning o‘rtacha ulgurji narxi 5000 dan 9000 so‘mgacha qimmatlagan.

Shuningdek, O‘zbekistonda mandarin narxi rekord darajada arzonlashgani haqida xabar berilgandi.

Bunda 8-dekabridan 15-dekabrigacha mandarinning o‘rtacha ulgurji narxi bir kg uchun 10 mingdan 8 ming so‘mgacha, ya’ni oxirgi haftada 20%ga pasaydi.

Shu bilan birga, 20-oktabrdan 15-dekabrgacha mandarinning o‘rtacha ulgurji narxi 1 kg uchun 29 ming so‘mdan 8 ming so‘mgacha, ya’ni bu davrda 3,6 barobar arzonlashgan.