“Yevrosiyo banki” O‘zbekistonda sho‘ba korxonasini ishga tushirishga tayyorlanmoqda, deb xabar qildi kredit tashkiloti matbuot xizmati.

Markaziy bank o‘tgan haftada mazkur bankga litsenziya berdi. Qozog‘iston banki boshqaruvi raisi Lazzat Satiyeva regulyator kengashiga bildirilgan ishonch uchun minnatdorchilik bildirib, “yangi istiqbol va imkoniyatlar"ni alohida ta’kidladi.

“Ishonchimiz komilki, biz avtokreditlash va POS-kreditlash bozorlarida hamda boshqa moliyaviy xizmatlarda O‘zbekistonda ham oflayn, ham onlayn kanallarda o‘z tajribamizdan foydalana olamiz”, — deya qo‘shimcha qildi Satiyeva.

Bank 2024-yilning oxirigacha Toshkentda ofis va sho‘ba filiallarini ochishni rejalashtirmoqda. Bundan oldin zarur protsessual va tashkiliy masalalarni hal qilish kerakligi qayd etilgan.

Qozog‘iston Moliya bozorini tartibga solish va rivojlantirish agentligi 2022-yilning oxirida “Yevrosiyo banki"ning O‘zbekistonda faoliyat yuritishiga ruxsat berdi. Bundan oldin bank rahbari Valentin Morozov o‘z intervyusida qo‘shni mamlakat bank bozorining jozibadorligini ta’kidlagandi.

2023-yilning mayida O‘zbekiston Markaziy banki Qozog‘iston kredit tashkilotiga sho‘ba korxonasini ochish uchun dastlabki ruxsatnomani berdi. Regulyator raisining birinchi o‘rinbosari Nodirbek Saydullayev sho‘ba korxona yil oxirigacha ish boshlashini kutgandi.

Hozir O‘zbekistonda 36ta bank faoliyat yuritmoqda. Ulardan o‘tgan yili uchtasi — “Yangi bank” (may oyida), “Apex bank” va “Hayot bank” (mart oyida) litsenziya olgandi.

Avvalroq Ispaniyaning “Santander” banki O‘zbekiston bozoriga chiqishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.