Litsenziyasi bekor qilingan xususiy OTMlar talabalari o‘qishi ko‘chirildi, deya xabar bermoqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbout xizmati.

Namangan xalqaro universitetining 6041 nafar va Urganchdagi Binari universitetining 173 nafar talabasining arizasiga ko‘ra, boshqa nodavlat OTMlarga o‘qishini ko‘chirish bo‘yicha vazirlik tomonidan talabalarning ro‘yxatlari yo‘llandi.

Talabalar o‘z tanlovlariga ko‘ra ariza topshirgan xususiy oliy ta’lim tashkilotlarida 11-martdan o‘qishlarini boshlashlari mumkin.

Tegishli oliy ta’lim tashkilotlariga talabalarning o‘qishini belgilangan tartibda boshlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Fevralda litsenziya talablari va shartlarini qo‘pol ravishda buzgan 6ta xususiy universitetning tegishli litsenziyasini bekor qilish bo‘yicha sudga da’vo arizalari kiritilgani ma’lum bo‘ldi.

Sud jarayonlari to‘liq yakunlangan va litsenziyasi bekor qilingan “Valley Innovative University” hamda Urganch shahridagi Binari universitetining barcha talabalari tegishli tartibda OTMlarga ko‘chirilgani aytilgandi.

Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzod Qudratxo‘jayev o‘zining “Telegram"dagi kanalida litsenziyasi bekor qilingan universitetlar ro‘yxatini e’lon qildi.

Bular qatorida Buxorodagi Turkiston yangi innovatsiyalar universiteti, Toshkent texnologiyalar universiteti hamda Namangan xalqaro universiteti mavjud.