Avvalroq Spot Xalqaro valyuta jamg‘armasi missiyasi yakunlari bo‘yicha xodimlarning yakuniy bayonotini e’lon qilgani haqida yozgandi.
Jamg‘armaning ta’kidlashicha, davlat korxonalari sektorini isloh qilishni jadallashtirish yalpi omil unumdorligi va investitsiyalar hajmini oshirish uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega, bu esa o‘z navbatida iqtisodiy o‘sish va xususiy sektorni rivojlantirishga xizmat qiladi.
“Aksariyat davlat korxonalari raqobatli sektorlarda faoliyat yuritayotgani, shuningdek, bunday bozorlarda xususiy kompaniyalarning samaradorligi bo‘yicha ko‘plab ilmiy tadqiqotlar bilan tasdiqlangan afzalliklarini hisobga olgan holda, raqobatli sektorlardagi rentabelli davlat korxonalarini xususiylashtirish, yashovchan bo‘lmaganlarini esa tegishli xodimlarni qo‘llab-quvvatlagan holda tugatish kerak”, — deyiladi bayonotda.
Strategik yoki raqobatsiz sektorlarda ishlashni davom ettirayotgan davlat korxonalariga nisbatan ustuvor yo‘nalish korporativ boshqaruv sohasidagi zaif tomonlarni va davlat ta’siri hamda qo‘llab-quvvatlashning turli shakllari bilan bog‘liq bo‘lgan “yumshoq” budjet cheklovlarini bartaraf etish bo‘lishi kerak.
Asosiy islohotlar qatoriga quyidagilar kiradi:
- foydaning bozor me’yorlariga aniq talablarni belgilagan holda mulkchilik sohasidagi siyosatni aniqlashtirish;
- kuzatuv kengashlarini tayinlash va ularning faoliyatini baholash tartib-taomillarining shaffofligini ta’minlash;
- notijorat faoliyat bilan shug‘ullanishni taqiqlash, budjet hisobidan to‘liq kompensatsiya qilinadigan holatlar bundan mustasno;
- xususiy sektor ishtirokini kengaytirish.
Barcha davlat korxonalari uchun xalqaro audit va moliyaviy hisobot standartlariga rioya qilish majburiydir.
IPOga tayyorlanayotgan O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasining institutsional investorlarni jalb etish hamda davlat korxonalaridagi islohotlarni jadallashtirish borasidagi muvaffaqiyati aniq vakolatlarning mavjudligi, operatsion mustaqillik va davlat korxonalarini qayta qurish uchun yetarli salohiyatga bog‘liq bo‘ladi.
Islohotlar
XVJ boshqaruv, mehnat bozori va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish sohalaridagi islohotlarni amalga oshirishga e’tiborni qaratishga chaqirdi.
“2017-yildan buyon boshqaruv ko‘rsatkichlari yaxshilangan bo‘lsa-da, davlat boshqaruvi tizimini mustahkamlash, mablag‘larni sarflash samaradorligini oshirish va investorlar ishonchini mustahkamlash uchun eng muhim qonun hujjatlarini, xususan, axborot beruvchilarni himoya qilish va aktivlarni deklaratsiyalash bo‘yicha qonun hujjatlarini tasdiqlash va samarali amalga oshirish zarur”, — deyiladi tashkilot xabarida.
O‘z navbatida, mehnat bozori islohotlari asosiy tarkibiy muammolarni, jumladan, ayollarning mehnat faoliyatida ishtirok etish darajasining pastligi, norasmiy bandlik darajasining yuqoriligi va malakali kadrlar yetishmasligini bartaraf etishga qaratilishi lozim.
Energiya samaradorligini oshirish, uglerod izini kamaytirish va iqlim o‘zgarishiga moslashish jarayonini tezlashtirish maqsadida iqlim sohasidagi maqsadlarni davlat investitsiyalarini boshqarish tizimiga yanada yaqinroq integratsiya qilish zarur.
Bozorni tartibga solishni yanada kuchaytirish va raqobatni rag‘batlantirish samaradorlikni oshirish va xususiy sektorni rivojlantirishga ko‘maklashish uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Tarmoq regulyatorlari faoliyatini faollashtirish, asosiy tarmoqlarda eksklyuziv huquqlarni bekor qilish va JST bilan bog‘liq islohotlarni yakunlash xususiy investitsiyalar hajmini oshirish va raqobatni kuchaytirishga yordam beradi, deya xulosa qildi fond.