O‘zbekiston qora slanetsli uran kon maydonlarni o‘zlashtirishda Xitoyning “China Nuclear Uranium Co. Ltd.” (CNUC) kompaniyasini jalb qiladi. Bu haqda “Navoiyuran” davlat korxonasi matbuot xizmati xabar berdi.

11-mart kuni “Navoiyuran” davlat korxonasi bosh direktori Jamol Fayzullayev va “China Nuclear Uranium” kompaniyasi vakillari uchrashdi.

Tomonlar Navoiy viloyatidagi “Jantuar” va “Ma'danli” qora slanetsli uran kon maydonlarida qazib olish masalalarini muhokama qildi.

Mutaxassislar “Ma'danli” hamda “Koscheka” maydonlariga tashrif buyurib, shurf qazish ishlari bilan tanishdi. “Ma'danli"da qazib olingan texnologik namunalar o‘rganildi.

Bu maydonni o‘zlashtirish, ma’dan tarkibidan uran va boshqa noyob elementlarni ajratib olish texnologiyasini ishlab chiqish maqsadida texnologik namunalar olinib, saralandi.

2023-yilning noyabrida “Navoiyuran” davlat korxonasi “China National Nuclear Corporation” bilan strategik hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzoladi. Tomonlar investitsion loyihalarni amalga oshirishni ko‘rib chiqdi.

Avvalroq xitoy kompaniyasi O‘zbekistonda A+ toifasidagi omborlarni tashkil etishi haqida xabar berilgandi. “Shenzhen Neptune Logistics” mamlakatda $10−15 mlnlik logistika markazini qurishni rejalashtirmoqda.