“Shenzhen Neptune Logistics Co. Ltd.” kompaniyasi O‘zbekistonda yuk tashuvlari sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirmoqchi. Bu haqda “O‘ztemiryo‘lkonteyner” matbuot xizmati xabar berdi.

“O‘ztemiryo‘lkonteyner” kompaniyasi boshqaruv raisi Akmal Kamalov va Xitoy kompaniyasining tijoriy direktori Nensi Tang o‘rtasida uchrashdi. Tomonlar xalqaro transport koridorlarini rivojlantirish hamda logistika xizmatlarini ko‘rsatish darajasini oshirishni muhokama qildi.

O‘zbekistonda “O‘ztemiryo‘lkonteyner” logistika markazlarini birgalikda ishlatish, yangi xablar barpo etish, distributsiya xizmatlarini yo‘lga qo‘yish, vagon va konteynerlardan birga foydalanish bo‘yicha hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi.

Mamlakatda A+ toifadagi omborlaarni tashkil etib, distributsiya xizmatlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha takliflar bildirildi. Nensi Tang kelgusida transport-logistika markazini qurish bo‘yicha $10−15 mln atrofida to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiya kiritishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi.

Shuningdek, Xitoy-Qirg‘izston-O‘zbekiston multimodal yo‘nalishi orqali Sian, Chengdu, Shendjen provinsiyalaridan konteyner tashuvlarini amalga oshirish, mavjud transport koridorlari orqali Turkiya va Yevropa mamlakatlariga konteynerlar tashish muhokama qilindi.

“Shenzhen Neptune Logistics” kompaniyasi 2002-yilda tashkil etilgan. Kompaniya Xitoyning 10dan ortiq provinsiyalari, Yevropa, Markaziy Osiyo, Singapur davlatlarida o‘zining logistika markazlariga ega.

Avvalroq Germaniya kompaniyasi Andijonda logistika markazini tashkil etishi haqida xabar berilgandi. 2024−2026 yillarda loyihaga 20 mln yevro investitsiya yo‘naltirilib, yiliga 250−300 ming tonna yukni qayta ishlash imkoni yaratiladi.