“Navoiyuran” davlat korxonasi Xitoy korporatsiyasi bilan hamkorlik qilishga kelishdi. Bu haqda Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Korxona vakillaridan iborat delegatsiya Xitoy milliy yadro korporatsiyasi (China National Nuclear Corporation — CNNC) taklifi bilan Pekinda o‘tkazilgan “Tabiiy uran sanoatini rivojlantirish bo‘yicha 1-xalqaro forumi"da ishtirok etdi.

Tashrif doirasida CNNC vitse-prezidenti Shen Yanfen bilan uchrashuv tashkil etilib, “Navoiyuran” va CNNC o‘rtasida strategik hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi. Tomonlar uran sanoati bilan bog‘liq boshqa investitsion loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha o‘zaro fikr almashdi.

Delegatsiya vakillari gidrotermal uran konidagi yer osti rudalarini qazib olish va uran tarkibidagi rudalarni uyum bilan qayta ishlash faoliyati bilan tanishdi.

Shuningdek, texnologik jarayonda ishchilarning ishtirokini minimallashtirish imkonini beruvchi raqamli texnologiyalar bilan jihozlangan uranni yer ostida eritmaga o‘tkazish konida bo‘lishdi.

CNNC mamlakatdagi global yadroviy loyihalar bo‘yicha yetakchi hisoblanadi. Korporatsiya Xitoyda amalda ishlab turgan va yangidan qurilayotgan mahalliy atom elektr stansiyalarining asosiy investori hisoblanadi. CNNC 22ta amalda ishlayotgan va 6ta yangidan qurilayotgan energobloklarga ega.

Avvalroq Tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri Bobur Islomov Fransiyaning “Orano” kompaniyasi O‘zbekistonda uran qazib olish va qayta ishlashga $500 mlngacha sarmoya kiritishini ma’lum qilgandi. Vazirning qayd etishicha, uran ishlab chiqarishning mavjud hajmlari allaqachon savdo bozorlarini topgan