14-mart kuni Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani yillik 14% darajasida saqlab qoldi.

Regulyator boshqaruvi mazkur qarorni iqtisodiyotda talab va taklif mutanosibligiga erishish bo‘yicha noaniqliklar va inflyatsiyani oshiruvchi kutilmalarning saqlanib qolayotganligini inobatga olib, inflyatsiyaning 5%lik targetigacha pasaytirishga zarur pul-kredit sharoitlarini ta’minlash uchun qabul qilgani aytilmoqda.

Umumiy inflyatsiya yil boshidan pasayib, fevralda 8,3%ni tashkil etdi. Biroq, so‘nggi oylarda yuqori talab, tartibga solinadigan narx va tariflarning oshishi fonida xizmatlar inflyatsiyasi tezlashdi. Aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari ham deyarli o‘zgarishsiz, yuqoriligicha qolmoqda.

Yil oxiriga inflyatsiya 8−9%lik prognoz diapazonida shakllanishi kutilmoqda. Tartibga solinadigan narxlar o‘zgarishi va ularning inflyatsion kutilmalarga ta’siri bo‘yicha noaniqliklar saqlanib qolmoqda.

Ayrim tarmoqlarda, xususan yil boshidan oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishning sustlashishi qisqa muddatli istiqbolda ichki bozorda talab va taklif nomutanosibligini keltirib chiqarishi yoki importga qo‘shimcha bosimni yaratishi mumkin.

Birinchi chorak yakunlari bo‘yicha iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlari nisbatan yuqoriroq shakllanishi, keyingi choraklarda esa bazaviy prognoz doirasida 5,5−6% bo‘lishi bo‘yicha kutilmalarni kuchaytirmoqda.

O‘tgan va joriy yil boshidagi yuqori fiskal xarajatlar kelgusida yalpi iste’mol faolligini qo‘llab-quvvatlaydi. Transchegaraviy pul o‘tkazmalarining o‘tgan yilgi ko‘rsatkichlarda shakllanishi va aholi daromadlarining o‘sishi kelgusida iste’mol talabiga qo‘shimcha proinflyatsion bosim yaratmaydi.

Mehnat bozorida yuqori faollik va ishchi kuchiga talabning oshishi kuzatilmoqda. Mazkur talabning asosiy o‘sishi xizmatlar sohasiga to‘g‘ri keladi va bu sohada ish haqilarining yuqori shakllanishiga ham olib kelmoqda.

Ayni paytda, xizmatlar sohasida narxlar va daromadlarning muntazam oshishi sharoitida iqtisodiyotda investitsiyalar hajmi va joriy iste’mol xarajatlaridagi ulushi ortib boradi.

Import dinamikasida mashina va uskunalar, energetika va neft mahsulotlari, qora metallar importining yuqori o‘sishi davom etishi bir tomondan kelgusida ishlab chiqarish hajmlari oshishiga imkon bersa, ikkinchi tomondan savdo balansi taqchilligi saqlanib qoladi.

Joriy operatsiyalar hisobining muvozanatga kelishi fiskal intizomning ta’minlanishi, xorijiy investitsiyalar oqimi va iqtisodiyotni eksport salohiyatini oshirishga qaratilgan tarkibiy islohotlarning natijadorligiga bog‘liq bo‘ladi.

Nisbatan qat’iy pul-kredit sharoitlari keyingi choraklarda ham saqlanib qoladi. Depozitlarning yillik o‘sish sur’atlari kreditlash hajmining o‘sishidan sezilarli yuqori bo‘lishi kutilmoqda.

Banklarning resurs bazasida ichki va xususiy manbalar ulushi ortishi bozor foiz stavkalarida aks etadi. Milliy valyutada ajratilgan kreditlar bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkalarida sezilarli o‘zgarish kuzatilmadi.

Pul-kredit siyosati operatsion mexanizmiga kiritilgan o‘zgartirishlar kreditlar bo‘yicha foiz stavkalarini pasaytiradi. Biroq, bu qisqa muddatli pullar narxini pasaytirish orqali amalga oshiriladi.

Regulyator inflyatsiyaning 5%lik targetiga erishishga qaratilgan pul-kredit siyosatini amalga oshirishda davom etadi. Iqtisodiyotdagi talab va taklif mutanosibligiga, inflyatsion kutilmalarga va tartibga solinadigan narxlarning o‘zgarish dinamikasiga e’tibor qaratiladi.

Markaziy bank boshqaruvining asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha navbatdagi yig‘ilishi 25-aprelga belgilangan.

Avvalroq regulyator 3ta bankka nisbatan jarima sanksiyasini qo‘llagani ma’lum qilingandi. Yana 5ta bank va 1ta ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi ogohlantirildi.