Fevral oyida Markaziy bank 3ta bankka nisbatan jarima sanksiyasini qo‘lladi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.

Bank nazorati qo‘mitasi tomonidan o‘tgan oyidagi yig‘ilishlarda 31ta masala ko‘rilib, tegishli qarorlar qabul qilindi. Masalan, ro‘yxatga olish va ruxsat berish yo‘nalishida 18ta masala ko‘rib chiqilgan.

Xususan, ulardan 3tasi kredit tashkilotlari ustaviga kiritilgan o‘zgartirishlarni ro‘yxatdan o‘tkazish, 2tasi kredit tashkilotlarining ustav fondidagi ulushiga egalik qilish uchun ruxsat berish hamda 1tasi kredit tashkilotlarini litsenziyalash borasida bo‘lgan.

Kredit tashkilotlarining moliyaviy holati bo‘yicha banklar va to‘lov tashkilotlari tomonidan Markaziy bank talablarining bajarilishi, banklar va mikromoliya tashkilotlarida o‘tkazilgan o‘rganishlar natijalari muhokama qilindi.

Amaldagi qonunchilik va Markaziy bankning me’yoriy-huquqiy hujjatlari talablariga rioya qilinmagani uchun 3ta bankka jarima sanksiyasi qo‘llanildi.

Bundan tashqari, yana 5ta bank va 1ta ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasiga chora va sanksiyalar qo‘llanilishi to‘g‘risida ogohlantirish berildi.

Aniqlangan kamchiliklarni tuzatish, tegishli choralarni ko‘rish, o‘rnatilgan prudensial normativlarga amal qilish, bank faoliyatida mavjud zaifliklarni bartaraf etish va moliyaviy holatini sog‘lomlashtirish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Yanvarda Markaziy bank 1ta bank va 1ta to‘lov tashkilotiga nisbatan jarima sanksiyasini qo‘llagandi. Shuningdek, 3ta bank va 2ta lombardga ogohlantirish berildi.

Avvalroq regulyator mikromoliya banklari faoliyatiga ruxsat berishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi. Mazkur kredit tashkilotlari uchun ustav kapitali miqdori 50 mlrd so‘mdan 500 mlrd so‘mgacha belgilanadi.