Bu haqda Markaziy bankning 2024-yilning birinchi choragi bo‘yicha mehnat bozori sharhida keltirilgan.

2023-yil yakuniga ko‘ra, jami ish bilan band bo‘lgan aholi soni 312 ming kishiga (+2,3%) oshgan. Ishsizlik darajasi 2022-yilga nisbatan 2,1 foiz punktga kamayib, 6,8%ni tashkil etdi.

Qurilish va savdo tarmoqlaridagi ishchilar soni oshib, qishloq xo‘jaligida, aksincha — kamaydi.

Birinchi chorakda bo‘sh ish o‘rinlarining o‘rtacha soni qariyb 36,8 mingtani tashkil etib, o‘tgan yil yakuniga nisbatan 14%ga oshdi.

Eng ko‘p bo‘sh ish o‘rinlari chakana savdo, qurilish, umumiy ovqatlanish, ishlab chiqarish va ta’lim sohalariga to‘g‘ri keladi. Hududlar bo‘yicha Toshkent shahri (60%), Samarqand (11%) va Toshkent viloyatlariga (9%) yetakchilik qiladi.

YaTTlar soni 8,2%ga oshib, 262,8 ming kishini tashkil etdi. Ular asosan chakana savdo (+8,6%) va maishiy xizmat ko‘rsatish (+18,9%), faoliyat yo‘nalishlarida ro‘yhatdan o‘tmoqda. O‘zini o‘zi band qilganlar soni yil boshidan 287 ming kishiga (11,8%) oshgan — 2,8 mln kishi.

Regulyator qurilish va xizmatlar sohasi o‘sishi iqtisodiy o‘sishning asosiy drayverlari bo‘lishini kutmoqda. Chakana savdoda bandlikning yuqori o‘sishi talab bilan bog‘liq.

Ish izlovchilar orasida transport, qurilish, buxgalteriya va maishiy xizmat ko‘rsatish sohalariga takliflar yuqori. Talab mavjudligiga qaramay, ishchi kuchi taklifida nomutanosibliklar bor.

Bu IT, tibbiyot, ishlab chiqarish kabi sohalarda bo‘sh ish o‘rinlarining saqlanib qolayotgani va xususiy sektordagi yuqori va o‘rta malakali ishchilarning ish haqlari o‘rtasidagi tafovut bilan izohlanadi. Yangilanishlar maishiy xizmat, qo‘riqlash/xavfsizlik va talabalar uchun bo‘sh ish o‘rinlariga to‘g‘ri keladi.

Ish haqining nominal o‘sish sur’ati yillik 19,8%ni, inflyatsiya hisobiga esa 9,8%ni tashkil etdi. Ishchi kuchiga bo‘lgan yuqori talab fonida, savdo (24,4%ga) hamda axborot va aloqa (23,5%ga) sohalarida yuqori ko‘rsatkichlar saqlanib qoldi. Biroq, qurilish sohasida takliflar oshishi bilan ish haqi o‘sishi pastroq shakllandi (6,6%).

Xizmat ko‘rsatish sohalarining aksariyatida mehnat unumdorligining ish haqi o‘sishidan ortda qolishi, inflyatsiyaga ta’sir etuvchi omillardan biri bo‘lmoqda.

Tashqi mehnat migratsiyasi tendensiyalarida o‘zgarishlar mavjud emas. Transchegaraviy pul o‘tkazmalari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 8,6%ga oshdi. Pul o‘tkazmalaridagi o‘sish migratsiya oqimi va valyuta kurslarining barqaror saqlanib qolgani bilan izohlanishi mumkin.

Ko‘nikma va malakalarga bo‘lgan talab muhojirlarning ishga joylashishida asosiy to‘siq bo‘lib qolmoqda. Ko‘rilayotgan choralar esa qo‘shimcha mehnat dividendini oshiradi.

O‘tgan yil yakunida mamlakatda kambag‘allik darajasi 3,1%ga pasayib, 11%ni tashkil etgan. Kambag‘allikning pasayishi barcha viloyatlarda qayd etildi.

Yaqinda minimal iste’mol xarajatlari qiymati 648 ming so‘m etib belgilangandi. 1-maydan ayrim pensiya turlarining eng kam miqdorlari unga tenglashtirildi.